Yoshlar ittifoqiga «maynavozchilik» kerakmi?
30- iyun O‘zbekiston yoshlari kuni yoki O‘zbekiston yoshlar ittifoqi kuni deb atasakmikan! Chunki bu tashkilot aynan 30- iyun kuni tashkil etilgan. Faoliyat olib borayotganiga 3 yil bo‘lgan bo‘lsa-da afsuski, yoshlar ittifoqi O‘zbekiston yoshlarini bir maqsad sari birlashtira olmayapti, deydi "nnews.uz". Buning sababi nimada?
Nega ko‘pchilikka bu tashkilot faoliyati ma’qul emas?
E’tiborni jalb etishning “antiqa” usuli
Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 30-iyun kuni “Yoshlar shou” o‘tkazishni maqsad qilgan viloyat yoshlar ittifoqi kengashi barchani chuv tushirdi. Rayhon, Munisa Rizayeva, Shohruhxon va Ulug‘bek Rahmatullayev kabi estradamizning yorqin yulduzlari tashrif buyurishi va’da qilingan tadbirda afsuski, bu xonandalarning birortasi darak bermadi.
Avvalroq ittifoq a’zolari ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahridagi musiqali drama teatr yonida shu kabi o‘nlab mashhur sa’natkorlar kelishini aytib barchani chorlagan edi.
Lekin yolg‘on chorlov o‘z natijasini bermadi.
Konsertga kelganlar o‘sha mashhur estrada yulduzlarining qo‘shiqlarini boshqalar ijrosida tinglashdi.
Hafsalasi pir bo‘lganlar ham, tadbirni tomosha qilmay ketib qolganlar ham ko‘p bo‘ldi.
Yoshlar ittifoqiga bu yolg‘on nega kerak?
Bayram dasturi tugagandan so‘ng, yolg‘onning nega ishlatilgani ham aniq bo‘lib qoldi. Ittifoqdagilar o‘z ijtimoiy sahifalarida «konsertimizga 10 ming nafar kishi tashrif buyurdi» mazmunidagi xabarlarni joylay boshlashdi.
E’tiborni tortishning bu usuli o‘z navbatida “yashirin reklama” sanaladi. Ammo yashirin reklamada ham bu qadar yolg‘on ishlatilmaydi.
«Mashhurlikka o‘ch, o‘z maqsadlarini jamiyat manfaatlaridan ustun ko‘radigan» tashkilotga bunday hollarda ishonib bo‘ladimi?
Konsert haqida…
Aslida yaxshi tashkil etilmagan konsert haqida gapirmoqchi emas edik. Ammo bu borada yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklarni ham sanab o‘tmasak bo‘lmaydi.
Yoshlar kuni bir so‘z bilan aytganda faqatgina yoshlar ittifoqi a’zolari uchun nishonlandi. Ittifoqga a’zo bo‘lmaganlar esa chekka joylarda dasturni tomosha qilishga harakat qilishdi.
Avvalo tadbirni bunday tor doirada tashkil etilishiga yo‘l qo‘yilgani eng katta jiddiy xato. Sahnaga 10 ming nafar kishini sig‘dirmoqchimisiz, shunga yarasha imkoniyat yarating. Keyin o‘zingizni “reklama” qilsangiz bo‘ladi.
Tadbirni boshlagan boshlovchilarga ham bir muncha qiyin bo‘ldi. Mikrafonning ovozi tez-tez uzilib qolishi ayrimlarni anchagina asabiylashtirdi. Sahnalashtirish ishlari yoshlar kuniga mos ravishda bezatilmadi. Fonogramma orqali qo‘shiq ijro etgani chiqqan noma’lum xonandalarning ijrolarida ham uzilishlar bo‘lib, bir qo‘shiq boshqasiga ulanib ketdi.
Nazorat ishlari shu qadar jiddiy tashkillashtirildiki,oddiy odamlar bayramda erkin bo‘la olmadi. Hattoki, qo‘riqchilar tadbir tomoshasi istagida kelganlarni iziga qaytarib ham yubordi.
Hamma gap konsertga Rayhon yoki Munisa tashrif buyurmaganida emas, gap ittifoqdagilar odamlarni aldaganida. Yolg‘on va manmanlik bilan qanday natijaga erishasiz, qanday qilib yoshlar ishonchini qozonasiz?
Bunisi mavhum.!
Ittifoqga hech qanday husumatim yo‘q. Lekin men yolg‘on bilan kelisha olmayman…
Doniyor Oripov
