Yosh bolalarda kuzatiladigan tumovni uy sharoitida davolash choralari

Yosh bolalarda kuzatiladigan tumovni uy sharoitida davolash choralari

Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev sovuq mavsumda ko‘p kuzatiladigan tumov kasalligi haqida foydali tavsiyalarni berib o‘tadi.

Bolalar bog‘chaga borishni boshlashi bilan yangi taassurotlar bilan bir qatorda tumovni ham olib kelishadi. Tumov bog‘cha bolalari orasida uchraydigan eng ko‘p kasallikdir. Buni vaqtida davolamasa, surunkali kasalga aylanadi. Bunday vaziyatda go‘daklar og‘iz bilan nafas olishga odatlanib , nafas yo‘llariga muzdek va «tozalanmagan» havo kirib kelishi oqibatida traxeit, tonzillit, laringit, adenoid kasalliklariga tez tez chalinishadi, tishlashining (prikus) o‘zgarishiga olib keladi. Bundan tashqari, infeksiya o‘rta quloq bo‘shlig‘iga tarqalib otit kasalligini, ya’ni quloqdan yiring oqishni keltirib chiqarishi mumkin.

Tumovni davolash

Yosh bolalarda kuzatiladigan tumovni uy sharoitida davolash choralari

Foto: Getty images

Bolani burnini to‘g‘ri qoqishga o‘rgatish kerak. Birinchidan, qattiq kuchanmasdan qoqish kerak. Ikkinchidan, har bir burun yo‘lini alohida qoqish zarur, bunda galma-galdan burun qanotini ustidan bosib turish kerak. Shunday qilinganda infeksiyaning burun ichki yo‘llariga va eshituv nayi orqali o‘rta quloq bo‘shlig‘iga tarqalishining oldi olinadi.

Agar bola burnini qoqishni bilmasa, unda maxsus moslamalardan foydalaniladi

Burun ichida to‘plangan shilliq suyuqlikni tozalab, burunga fiziologik eritma (dorixonadan 0,9 foizli natriy xlor suyuqligi) bir kunda 5-7 marta tomiziladi. Bunday eritmani uy sharoitida tayyorlash uchun 1 choy qoshiq tuz 1 litr suvga eritiladi. Yoki hozirda dorixonalarda tayyor dengiz suvi asosida tayyorlangan spreylar ishlatiladi (jumladan, Akva maris va boshqalar). Buning ta’sirida burun shilliq qavatida tiklanish tezlashadi va infeksiyani yengish osonlashadi.

Burun chanog‘ining shishini kamaytirish maqsadida mayda tomirlarni toraytiradigan dorilardan foydalaniladi. Dorilar ta’sirida burun chanog‘ining shishi kamayadi, nafas olish yengillashadi, shiliq suyuqlik ishlab chiqarilishi kamayadi. Bolalarga tomchi dorilardan ko‘ra sprey shaklidagi dorilar ishlatilgani ma’qul, chunki tomchi dorilar har bir tomchisi alohida dozaga ega, bir-ikki tomchi ko‘proq tushishining o‘zi dozani oshiradi va ziyonli ta’siri bo‘lishi mumkin. Ammo bu dorilarni uzog‘i bilan 7-8 kun ishlatish mumkin. Bu dorilar infeksiyaga ta’sir qilmaydi, lekin kasallik alomatlarini kamaytiradi va yengilroq o‘tishiga yordam beradi.

Bundan tashqari, giyoh damlamalari asosidagi dorilar bilan burunni chayish mumkin, jumladan, moychechak damlamasi bilan kunda 2-3 mahal burunni chayish. Dorixonalardagi tayyor giyohli spreylardan foydalanish mumkin. Qo‘shimcha fizioterapiya davolash usullaridan foydalanish kassalikdan tezroq tuzalishga yordam beradi.

Eng asosiy aytib o‘tishimiz kerak bo‘lgan tavsiya, avvalambor, LOR shifokori nazoratida davolash kerak, dori-darmonlarning dozasi va turi har bir bemorga individual ravishda tavsiya etiladi va qilinayotgan davo muolajalarining foydali ta’sirini shifokor biladi, kerak paytda dorilarning turini o‘zgartiradi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, kasallikni surunkali tumov holatigacha olib bormaslik kerak.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!