Yaponiya bosh vaziri Kim Chen In bilan istalgan vaqtda uchrashishga tayyorligini aytdi

Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) Davlat kengashi raisi Kim Chen In bilan “istalgan vaqtda” va “oldindan hech qanday shartlarsiz” uchrashishga tayyor.
Bu haqda navbatdagi matbuot anjumanida Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Xirokazu Matsuno jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Bosh vazir Kisida har qanday vaqtda rais Kim Chen In bilan hech qanday shartlarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi”, — dedi u. Matsuno ta’kidlaganidek, Bosh vazir KXDRga Yaponiya-Shimoliy Koreya munosabatlaridagi barcha mavjud muammolarni hal qilishga va ikki tomonlama munosabatlarning “yangi davri eshigini birgalikda ochishga” tayyorligini bildirishda davom etmoqda:
“Sammit o‘tkazilishi kerak va biz bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni Bosh vazirning shaxsiy nazorati ostida yuqori darajadagi maslahatlashuvlar orqali davom ettirish niyatidamiz”.
Avvalroq Kisida so‘nggi yillarda o‘zidan oldingi rahbarlar singari Shimoliy Koreya razvedkasi tomonidan o‘g‘irlab ketilgan Yaponiya fuqarolari muammosini hal qilish uchun Kim Chen In bilan shaxsan uchrashishga tayyorligini bir necha bor ta’kidlagan edi.