Yanvar oyidagi anomal sovuqlar tufayli karam yetishtiruvchi fermerlar katta zarar ko‘rdi

Yanvar oyidagi anomal sovuqlar tufayli karam yetishtiruvchi fermerlar katta zarar ko‘rdi

Joriy yilning yanvar oyida Markaziy Osiyoda kuzatilgan anomal sovuq havo tufayli O‘zbekistonda oq boshli karam hosiliga katta zarar yetdi. Natijada ushbu mahsulot narxi keskin ko‘tarilib, ushbu sovuqlardan keyin tashqi bozorlarga karam jo‘natish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 barobar kamaydi.

O‘zbekistonda 2022 yil noyabr oyining boshidan 2023 yil yanvar oyining birinchi o‘n kunligi oxiriga qadar oq boshli karam yig‘im-terimi odatiy maromda kechdi, biroq butun mamlakat hududini qamrab olgan sovuq havo massasi bu ritmni o‘zgartirib, o‘sha paytda hali yig‘ib olinmagan oq boshli karam hosiliga katta zarar yetkazdi.

Anomal sovuqlarning uzoq vaqt ta’siri tufayli o‘sha vaqtga qadar yig‘ib olinmagan oq boshli karam hosilining katta qismi dalalarda muzlab qoldi. Yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshida sezilarli isish boshlanishi bilan muzlab qolgan mahsulotlar chiriy boshladi. Mamlakatda “avgust karami” yetishtiruvchi asosiy hududlaridan biri bo‘lmish Surxondaryo viloyati fermerlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 80-90 foizga yaqin hosil nobud bo‘ldi.

Biroq barra oq boshli karam o‘zbekistonliklarning iste’mol savatidagi unchalik muhim sabzavot hisoblanmaydi, shu sababli, oq boshli karam narxining bunday keskin o‘sishi, asosiy turdagi sabzavotlar narxlari sezilarli darajada oshishi fonida deyarli sezilmay qoldi.

2023 yilning yanvar oyida O‘zbekiston 5,9 ming tonna oq boshli karam eksport qildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobar kamdir. Shuningdek, 2023 yil yanvar oyining ikkinchi yarmida – anomal sovuq ob-havo natijasida hosilga katta zarar yetganidan so‘nggi davrda eksport hajmi 2,8 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,4 barobar kamaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!