Yangi Suriya Rossiya bilan harbiy bazalar bo‘yicha muzokara olib bormoqda

Suriya mudofaa vaziri Murchaf Abu Qasra Rossiyaning O‘rta yer dengizi qirg‘og‘idagi harbiy-dengiz va harbiy-havo bazalarini saqlab qolish masalasiga to‘xtalib, bu faqat mamlakat milliy manfaatlari inobatga olingan taqdirdagina amalga oshirilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning yangi hukumatga nisbatan munosabati «Asad rejimi dekabr oyida qulaganidan keyin sezilarli darajada yaxshilangan».
💬 «Siyosatda abadiy dushmanlar yo‘q», — dedi Abu Qasra Washington Post nashriga bergan intervyusida. U Moskva bilan harbiy hamkorlik davom etishi mumkinligini ta’kidlab, Rossiyaning Tartusdagi harbiy-dengiz bazasi va Latakiyadagi Xmeymim aviabazasi haqida shunday dedi: «Agar bu Suriyaga foyda keltirsa, biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz».
🔹 Asosiy masalalardan biri — sobiq prezident Bashar Asadning taqdiri. U dekabr oyining boshida Moskvaga qochib ketgan. Abu Qasra vaqtinchalik hukumat rahbari Ahmad ash-Shara o‘tgan oy Rossiyaga Asadni ekstradisiya qilish so‘rovini bergan-bermaganiga aniqlik kiritmadi, ammo bu masala muzokaralar davomida ko‘tarilganini tasdiqladi.
🔹 Rossiya TIV rahbar o‘rinbosari Mixail Bogdanov Asadning statusi borasida izoh bermadi. «Biz Rossiya fuqarolari va ob’ektlariga so‘nggi voqealar ta’sir qilmagani uchun minnatdorchilik bildirdik», — dedi Bogdanov va Rossiyaning harbiy ishtiroki borasida qo‘shimcha muzokaralar zarurligini ta’kidladi.
🔹 Ayni paytda Rossiyaning Suriyadagi harbiy ishtiroki faqat ikkita ob’ekt — Tartus va Latakiya bazalarigacha qisqargan. Ayniqsa, harbiy-dengiz bazasi strategik ahamiyatga ega bo‘lib, Rossiyaning O‘rta yer dengizidagi mavjudligini ta’minlaydi.
🔹 Shu bilan birga, Suriya rasmiylari AQSh va Turkiya bilan ham harbiy bazalar masalasida muzokara olib bormoqda. Hukumat bir necha davlat bilan mudofaa kelishuvlarini imzolash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.