Xorazmda aqidaparastlikning yangi o‘chog‘i – “Zubayr ibn Avvom” asoschisiga hukm o‘qildi

Xorazmda aqidaparastlikning yangi o‘chog‘i – “Zubayr ibn Avvom” asoschisiga hukm o‘qildi

Yangiariq tumani “Qorako‘z” mahallasida yashovchi Adhambek Qodirov (endigina 25 yoshga to‘lgan) qonun oldida javob berdi. Afsus… Sud jarayonida uning jazosini yengillatishni so‘raganlar topilmadi. Aksincha, ataylab qilingan jinoiy harakat fakt va dalillardan tashqari, yaqinlarning guvohligi asnosida yana ham oshkor bo‘ldi.  Axir inson ongini zaharlash, yot va g‘ayriinsoniy aqidalarni o‘zgalar tafakkuriga singdirishga qaratilgan harakatni hech kim ma’qullamasligi aniq.   O‘zgalarning  tinch va osuda hayotini yot va buzg‘unchi g‘oyalar, aqidalar yordamida izdan chiqarish, turmushini buzishga hech kimning haqqi yo‘q. Bu oqibati  juda og‘ir  qilmishlar sirasiga kiradi. Adhambek buni bilib turib, o‘z bilganidan qaytmadi. Bu haqda "hudud24.uz" yozmoqda.

U 2019 yilning may oyida Rossiya Federasiyasiga ishlash uchun   ketgan edi. Keyinchalik iqrorlik bildirishicha, o‘zga yurtdagi  hayotining dastlabki haftalaridanoq ko‘nglida dinga nisbatan ancha-muncha moyillik hissi  paydo bo‘lgan, qiziqishi kuchaygan. Bu borada shu paytgacha deyarli “xat-savod” chiqarmagan bo‘lsa-da, o‘zini mo‘’tabar dinimizning zukko va sadoqatli bilimdoni  sifatida tutgan yigitcha olis  o‘lkalarga borib, uya qurgan din “peshvo”larining buzg‘unchi g‘oyalari, ma’ruzalari bitilgan audio-video lavhalar, yozuvlar, tasvirlarni avvaliga o‘z tanish-bilishlari, keyinchalik esa boshqalarga butun jahon axborot tizimi orqali   muntazam ravishda yetkazib turish majburiyatini zimmasiga oldi. Qilmishi qonunga mutlaqo zid, da’vatchilik, aqidaparastlik ekanini bilsa-da, o‘zini bilmagan, sezmagan, ko‘rmagan, eshitmaganga oldi. U diniy amallarga astoydil va azbaroyi ixlos, e’tiqod qo‘ygani, undan ayro yashay olmasligi bois boshi bilan  sho‘ng‘igan, dersiz.  Aslo unday emas! Uning  zang bosgan dili dinimizga yot g‘oyalar olamida yaqindan tanilish, nom chiqarish, o‘zini osmon-u falaklarda ko‘rishni tusaydi. Iymoni sust, aqli zaif bandalar bu yo‘l va undagi xavf-xatarlar, qaltis amallarning bor oqibati-yu, asoratini payti kelib, boshi toshga tegmaguncha idrok eta olmaydi. Taassuf… Bu yo‘lning oxiri va qilmishning intihosini ko‘ra-bila olmaslikning oqibati xorazmlik “dindor”ni har maqomga yo‘rg‘alatdi.

Darvoqe, mo‘min-musulmonlik aslida chin insoniylikdir. Uning farzu-amallarini o‘zgalar ongi, turmushiga ziyon yetkazmagan, tafakkurini chalg‘itmagan holda ado etish insonga  qalban  va ruhan poklanish imkonini beradi, xayru-savob amallarga undaydi.  Adhambek esa bunday    insonlar toifasiga kirmasligi aniq.

Xullas, o‘zga yurtda uy-ro‘zg‘ori uchun ishlab, tirikchilik qilish Adhambek uchun asosiy emas, ikkilamchi yumushga aylandi. Butun e’tibori  dinni chalamullachasiga targ‘ib-tashviq qilish, uni o‘zgalar ongiga singdirish,   miyasini zaharlash, buzg‘unchi g‘oyalarni tarqatishga qaratildi.

“Zubayr ibn Avvom”—  internetdagi  “og‘u”…

Adhambek “asos solgan” “Atham Qodirov” profili 2019 yilning may oyida faoliyat maydoniga  chiqdi. Xorazmlik  “peshvo” tez orada  ana shu profil  orqali “Malika Ahmedova” nomi bilan ataluvchi profil egasi bilan tanishib, o‘zi tomonidan to‘plangan va mamlakatimizda buzg‘unchi g‘oya sifatida e’tirof qilingan radiakal mazmundagi islomiy ma’ruzalar matnini mazkur tizim orqali unga yo‘lladi. Adhambek bu bilan kifoyalanmadi. Atrofiga sinfdosh do‘stlari, qarindosh-yaqinlari, tanish-bilishlardan iborat “tolibi-ilm”larni jamladi. Ularni ham Yaqin Sharqda urush va adovat olovini yoqish, separatizmni kuchaytirishga qaratilgan hatti-harakatlarga fatvo berishdan ham tap tortmaydigan bir qancha aqidaparast “domla”larning ma’ruzalari, audio-video lavhalar bilan muntazam “siylab”,  ta’minlab turdi.   Bular ham  etmaganidek, faoliyatini yanada rivojlantirish yo‘llarini izlashga tushdi.  Jahon global axborot tarmog‘ida aqidaparastlikning yangi o‘chog‘i – “Zubayr ibn Avvom” profilini ishga soldi.  G‘arazli qarashlarini odamlar orasiga yoyishga qaratilgan yangi buzg‘unchilik  o‘chog‘i ana shu tariqa yuzaga keldi.

Bu boradagi ishlari yurishayotganidan ruhlangan aqidaparastda  yana bir   buzg‘unchi niyat  paydo bo‘ldi.  Butun dunyoni qamrab olgan ulkan axborot maydonida “Zubayr-Zubayr”, deb atalgan yangi profil paydo bo‘ldi.  Albatta uni ham Adhambekning o‘zi yaratdi. (U o‘zining bu tadbirini muqaddam amalda bo‘lgan “Atham Qodirov” profiliga kirish kodini unutib qo‘ygani sababli yaratishga majbur bo‘lgani bilan izohladi.) Diniy parokandalik va yot aqidalarni targ‘ib qiluvchi bunday noxolis “islomiy” ta’lim Yaratgannning bandasiga ro‘shnolik keltirmasligi tayin. Buni Adhambekning xorijiy yurtdagi qizg‘in “diniy” faoliyati ham  tasdiqladi. Uzoq-yaqin ellardagi necha-necha fuqarolarning ongu shuuriga chang solindi, necha-necha kishilar ushbu buzg‘unchi da’vatning domiga tushib, uning qurboniga aylanishdi.  Adhambek     pok niyatli musulmonlar olamiga mutlaqo  yot va notanish bo‘lgan, ammo buzg‘unchi g‘oyalar maydonida bir qadar tanilgan kalla emas, salla egalarining ma’ruzalari, audio yozuv va video tasvirlar tushirilgan tasmalarni tarqatishni salkam 1 yil mobaynida kanda qilmay ado etdi. Ana shu muddat ichida o‘zi tanishishga ulgurgan  mazkur davomli da’vat, ma’ruza, audio-video lavhalarni jami 17 tasini o‘z profillariga joylab,  ko‘plab  fuqarolarning ongini “zaharlashga” ulgurdi.

Rossiyadagi salkam 1 yillik xufiya “faoliyat”dan so‘ng 2020 yilning aprel oyida o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtga qaytgan Adhambekning shubhali  qadamlari ko‘plar, shu jumladan, tegishli nazorat organlari xodimlarining ham e’tiborini o‘ziga tortdi. Internet olamidagi  tegishli profillar egasining haqiqiy nomigina emas, balki u sodir etgan jirkanch qilmishlar ko‘lami  ham  oshkor  bo‘ldi. Tergov organi uning turgan-bitgani buzg‘unchilik va aqidaparastlikdan iborat mazkur davomli kirdikorlarini  Jinoyat kodeksining jamoat xavfsizligi va jamoa tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatishga oid 244-moddasi   bilan malakaladi. Sud bu aybni e’tirof etdi. Biroq qonunlarimizdagi bag‘rikenglik va kechirimlilik tamoyili Jinoyat kodeksining zikr etilgan moddasi  bunday  qilmish va kirdikorlar uchun  muqarrar ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosini ko‘zda tutsa-da, unga Jinoyat kodeksining jazoni yengillatishni ko‘zda tutuvchi 57-moddasi qo‘llanilib, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi.   Darhaqiqat, qonun unga   engillik berdi.

Mashhur masaldagi “Yog‘ochning bo‘shini qurt yeydi doim…” degan aqidani barchamiz yaxshi bilamiz. Bilimi va  saviyasi past, e’tiqodi sust, ma’naviyati qashshoq odamni yengish, to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish oson.   Adhambek kabi ongi zaharlangan yoshlarni esa  to‘g‘ri yo‘lga solish oson  emasligi aniq…

                                                     Shuhrat RAZZOQOV,
 jinoyat ishlari  bo‘yicha Urganch shahar sudi raisi,

                                                     Abdulla SOBIROV,
 jurnalist


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!