Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiyaga tashrif buyuradi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiyaga tashrif buyuradi. Bungacha u AQSh rasmiylari bilan Ukrainadagi urushni muhokama qilgandi.
"Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I 18—21 sentyabr kunlari Rossiyaga tashrif buyuradi", deya xabar bermoqda Reuters agentligi Xitoy TIV bayonotiga tayanib.
16-17 sentyabr kunlari Van I Maltada AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan bilan maslahatlashuvlar o‘tkazgandi.
Oq uyning ta’kidlashicha, xitoylik va amerikalik rasmiylar, jumladan, "AQSH-Xitoy ikki tomonlama munosabatlaridagi asosiy masalalar, shuningdek, global va mintaqaviy xavfsizlik masalalari, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Xitoy-Tayvan munosabatlari"ni muhokama qilgan.
Avvalroq Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova RF tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 18 sentyabr kuni Moskvada Van I bilan muzokaralar o‘tkazishini ma’lum qilgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish masalalari bo‘yicha "batafsil fikr almashishadi".
Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlar boshlaganining bir yilligi munosabati bilan Xitoy 12 banddan iborat mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasini taqdim etgandi. Unda jumladan, "harbiy harakatlarni to‘xtatish", "to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tiklash", "barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish" va "bir tomonlama sanksiyalarning tugatilishi" kabilar ko‘zda tutilgan.
G‘arb davlatlari va Ukraina esa bu rejaga shubha bilan qaradi.