Xayrulla Hamidov she’ri: Rosululloh degan zot bor dunyoda!

Xayrulla Hamidov she’ri: Rosululloh degan zot bor dunyoda!

Ilohiy kalomda bir so‘zki qutlug‘,
Farishtalar undan o‘tmas hayoda.
Onadan afzalroq, otadan ulug‘
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

O‘tganlar o‘tdilar, kelganlar keldi,
Kutganlar kutdilar, bilganlar bildi.
Bu yorug‘ dunyoni charog‘on qildi –
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

Musulmon o‘g‘lining ko‘ngli xo‘p to‘qdir,
Sabab bor – yozig‘liq ilohiy taqdir.
Qorong‘u kechada qoqilmoq yo‘qdir –
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

Ofitobdan so‘rang, mohdan so‘rangiz,
Ayturlar, bu nadir, yoqut, farangiz –
Zulumot ichinda unga qarangiz,
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

Sahobalar ko‘rdi ko‘zlari bilan,
Yurdilar ne baxtki o‘zlari bilan.
Bugun bizga malham so‘zlari bilan –
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

Ketgan bo‘lsalar-da oramizdan-da,
Alloh yetkarguvchi nolamizdan-da.
Chiroyliroq jajji bolamizdan-da,
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

O‘tmish yulduziga cho‘lg‘anmoq azob,
Tunlari alamdan to‘lg‘anmoq azob.
Oh, tushga kirganda, uyg‘onmoq azob,
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

Odamzod yurardi motamga o‘xshab,
Nari borsa Adiy Xotamga o‘xshab.
Yashashni o‘rgatgan odamga o‘xshab,
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

Ko‘rmagan bo‘lsak ham sevguvchimiz u, 
Og‘ir dam ummatim deguvchimiz u,
Axir, g‘amimizni yeguvchimiz u –
Rosululloh degan zot bor dunyoda.

Ul zotni ko‘rguncha mo‘min kulmagay,
Qarori to‘lmagay, ko‘ngli to‘lmagay.
Shahidlar shohida o‘lmoq bo‘lmagay,
Rosululloh degan zot bor dunyoda!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!