Xatarli «qahramonliklar»

Xatarli «qahramonliklar»

Odamzotga tushunib bo‘lmaydi. Ba’zilari qavmlarini hayratga solish uchun jonini xatarga qo‘yishdan ham toymaydi, deb yozadi «AiF» (2020 yil, 50-son) haftanomasi.

* Shundaylardan biri xitoylik Juan Lyanmindir. Himoya kiyimi kiygan assistentlar tarozi 63,5 kilogramm og‘irlikni ko‘rsatgan bir nechta savatdagi asalarini Lyanminning boshidan to‘kishdi. Butun gavdasini qoplab olgan arilarning tanasida g‘ujg‘on o‘ynashiga u parvo ham qilmadi. Negaki, rekord vazndagi asalarilardan birortasi ham Lyanminni chaqmadi. Agar chaqqanda u 3 ming o‘lim dozasini olgan bo‘lardi.

* Tailandlik Kanchanu Ketkeounni esa chayon chaqishdan xazar qiladi. Dovyurak bu ayol 3,4 mingta zaharli chayon qamalgan xonada 33 kunni o‘tkazdi. Yana eng xatarli «tomoshasi» shuki, chayonni og‘zida 3,5 daqiqa ushlab turdi.

* AQShning Texas shtatida yashovchi Jeki Bobbining «qahramonligini» eshitgan odamning eti dahshatdan jimirlab ketadi. U 195 ta ilon solingan vannada oz emas, ko‘p emas 45 daqiqa bemalol yotdi. Ilonlar bilan tomosha ko‘rsatish amerikalikning sevgan ermagi. Mohir morboz darajasiga yetgan Jeki Amerika bo‘ylab safarda yuradi. Ammo uni biror marta ham ilon chaqmagan emish.

* Rubik kubigini yig‘ish bo‘yicha Ispaniya chempioni David Kalvo 6 akula bo‘lgan akvariumga tushib ikki kubikni yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Buning uchun unga 76 soniya yetarli bo‘ldi. Har ehtimolga qarshi uning yonida tajribali kuzatuvchi bor edi, albatta.

* Zaporojye (Ukraina)lik kichik hayvonot bog‘i egasi Aleksandr Pilishenkoning ikkita sher bilan qafasda 36 sutka yashaganiga nima deysiz. Har holda guvohlarning «qoyil, balli» demagani, ammo «xudo saqlasin» deb cho‘qinib qo‘yishgani aniq.

Tog‘aymurod SHOMURODOV


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!