Xalqaro valyuta jamg‘armasi Ukrainaga yirik moliyaviy yordam ajratdi

"Ukraina Xalqaro valyuta jamg‘armasidan (XVJ) taxminan 400 million dollar (370 million yevro) miqdorida byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ oladi. Bu qaror to‘rt yillik Kengaytirilgan moliya dasturi (Extended Fund Facility, EFF) doirasida qabul qilindi", deya xabar beradi tashkilot rasmiy sayti.
XVJ hujjatida qayd etilishicha, Ukraina iqtisodiyoti “barqaror” bo‘lib qolmoqda va ko‘rsatkichlari “qiyin sharoitlarga qaramay yuqori”.
"Ukraina hukumati 2024 yil dekabr holatiga ko‘ra barcha miqdoriy samaradorlik mezonlariga to‘liq rioya qildi va barqaror natijalarga erishdi", — deyiladi hujjatda.
"Ukraina davlat byudjetiga EFF dasturi doirasida hozirgacha jami yetti bosqichda 9,8 milliard dollar ajratilgan. 2023–2027 yillarda jami 15,5 milliard dollar ajratilishi rejalashtirilgan", deb qayd etiladi Ukraina hukumati saytida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, XVJ Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va AQShdan keyin uchinchi eng yirik donor hisoblanadi.