Xalqaro armiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik harbiylar yana ikki yo‘nalishda g‘oliblar qatoridan joy oldi (+foto)

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar Xalqaro armiya o‘yinlarining «Qurolsoz usta» hamda “Elbrus halqasi” yo‘nalishlarida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi, deya xabar bermoqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti.
Rossiyaning Penza viloyatiga o‘tkazilgan “Qurolsoz usta” bellashuvlari natijasiga ko‘ra, birinchi o‘rin mezbon davlatga nasib etgan bo‘lsa, kuchli uchlikka Armaniston harbiylari yakun yasagan.
G‘oliblarga kubok, medallar va qimmatbaho sovg‘alarni Rossiya Mudofaa vazirligi raketa-artilleriya bosh boshqarmasi boshlig‘i general-leytenant Nikolay Parshin va Penza viloyati gubernatori Ivan Belpzersev topshirdi.
“ArMI–2020” Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida “Elbrus halqasi” tanlovida bellashayotgan O‘zbekiston va Rossiya tog‘ bo‘linmalari harbiylari uchinchi bosqich shartlariga ko‘ra, maxsus topshiriqlarni bajarib, Elbrus cho‘qqisiga ko‘tarildi.
Hamyurtlarimiz marsh-brosokda belgilangan masofani 2 soatu 25 daqiqayu 46 soniyada bosib o‘tib, eng yaxshi natijani qayd etdilar.
Musobaqadagi raqiblarimiz, Rossiya Janubiy harbiy okrug jamoasi 2 soatu 52 daqiqayu 39 soniya natija bilan ikkinchi, shuningdek, tog‘ bo‘linmasi (Rossiya havo-desant qo‘shinlari) vakillari 3 soatu 1 daqiqayu 26 soniyalik natija bilan uchinchi bo‘lib marsh-brosokni yakunlashdi.
Shundan so‘ng, jamoalar Moskva vaqti bilan soat 03:00 da Elbrus cho‘qqisini zabt etish uchun start oldi. O‘zbekistonlik harbiylar Elbrus cho‘qqisini 3 soatu 39 daqiqayu 39 soniyada zabt etib, birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, 4 soatu 36 daqiqa natija bilan tog‘ bo‘linmasi (Rossiya havo-desant qo‘shinlari) vakillari ikkinchi, 4 soatu 38 daqiqayu 14 soniya natija ko‘rsatgan Rossiya Janubiy harbiy okrug jamoasi esa uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, joriy yil Xalqaro armiya o‘yinlarining ushbu yo‘nalishida birinchi o‘rin Rossiyaga nasib etgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik harbiylar ikkinchi pog‘onaga munosib ko‘rildi.
Eslatib o‘tamiz, «Qurolsoz usta» yo‘nalishida ishtirok etayotgan harbiy xizmatchilarimiz mana ikki yildirki faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. O‘tgan yili ushbu jamoa musobaqalar mezboni Xitoyni oldinga o‘tkazgan holda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Xalqaro musobaqa beshinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Mazkur bellashuvda beshta jamoa ishtirok etdi. Laos, Kambodja, Kongo va Abxaziya jamoalari birinchi bor «Qurolsoz usta» tanlovining ishtirokchilariga aylangan.