WSJ Tramp 22 yil avval Jeffri Epshteynga maxsus xat yozganini da’vo qildi. Tramp esa bu maktubni "soxta" deb atadi

The Wall Street Journal gazetasi xabariga ko‘ra, Donald Tramp 22 yil avval mashhur va boy odamlar uchun voyaga yetmagan qizlar bipan munosabatlarni taahkillashtirishda ayblangan Jeffri Epshteynga hazilomuz tabrik maktubi yozgan. Tramp bu xatni soxtaligini bildirib, gazeta ustidan sudga murojaat qilishini ma’lum qildi.
"Jeffri Epshteynni do‘stlari uning 50 yillik yubileyiga tabrik xatlari yozgan. Ulardan biri Donald Trampga tegishli. Epshteynning tabriknomalar albomini uning tanishi Gisleyn Maksvell 2003 yil boshida to‘plagan", deyiladi maqolada.
Maksvell 2022 yilda Epshteyn uchun voyaga yetmagan qizlarni yollaganlikda aybdor deb topilib, 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
WSJ'ning yozishicha, Tramp tomonidan yozilgan deya da’vo qilinayotgan maktub yozuv mashinkasida chop etilgan bo‘lib, yalang‘och ayol tanasi tasviri ustiga yozilgan.
Donald Tramp WSJ maqolasiga o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida javob qaytardi va bu xatni yozmaganini bildirdi, shuningdek, uni soxta deb atadi. AQSh prezidenti o‘zi va matbuot kotibi Kerolayn Livitt WSJ egasi Rupert Myordok va nashr bosh muharriri Emma Takerga bu xatni chop etishning oqibatlaridan ogohlantirganini ogohlantirganini ma’lum qildi.
"Prezident Tramp The Wall Street Journal, NewsCorp va janob Myordokni sudga beradi", — deb yozdi Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
"Agar haqiqatdan ham bunday maktub bo‘lganida, u allaqachon Epshteynga oid tergovlar yuritilgan yillarda Demokratlar partiyasidagi “telba so‘l radikallar” tomonidan oshkor etilgan bo‘lardi", — deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Eslatib o‘tamiz, Jeffri Epshteyn 2019 yilda sudni kutayotgan paytda qamoqxona kamerasida o‘lik holda topilgan edi. Rasmiy xulosalarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.