O‘zboshimchalik qanday jinoyatligini bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasiga ko‘ra, o‘zboshimchalik, boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar turkumiga mansub bo‘lib, ya’ni haqiqiy yoki faraz qilingan huquqlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lgan jinoyatni sodir qilishda o‘z ifodasini topib, mazkur jinoyatni sodir qilgan shaxsga nisbatan qonunda, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorida jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolash nazarda tutilgan.
Ushbu jinoyatning ob’ekti davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining bir me’yorda faoliyat olib borishi, huquqiy tartibot va qo‘shimcha ob’ekt sifatida shaxsning huquq va qonuniy manfaatlari hamda davlat va jamiyatning qonunda belgilangan tartibda, vijdonan va aql-idrok bilan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan huquq, erkinlik va majburiyatlar sohasidagi manfaatlari hisoblanadi.
Jinoyatning ob’ektiv tomoni aybdorning harakatlarini, muayyan oqibat kelib chiqishini hamda ular orasida sababiy bog‘lanishni tavsiflovchi qator belgilardan iborat.
O‘zboshimchalikni sodir etish vaqtida aybdor o‘zicha, ya’ni qonun tomonidan berilgan biron-bir vakolatsiz harakat qiladi yoki aybdor huquqiy hujjat yoki shartnomaga binoan harakat qilishi shart bo‘lganda, qonuniy hujjat bilan o‘rnatilgan biror huquqqa ega bo‘lish yoki uni amalga oshirish tartibini buzgan hollardagi xavfsizligi tushuniladi.
Aytish joizki, ayrim hollarda huquqqa ega bo‘lish yoki undan foydalanishning o‘rnatilgan tartibini buzish boshqa bir mustaqil jinoyatlar tarkibini yuzaga keltirishi mumkin: fuqarolarning turar joy daxlsizligini buzish, fuqaprolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish va hokazolar. Bu holda aybdor shaxslarning harakatlarini Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha kvalifikasiya qilish zarur.
O‘zboshimchalik jinoyati ob’ektiv tomonining muhim belgisi bo‘lib, shaxs tomonidan ayni o‘zining haqiqiy yoki faraz qilingan huquqldarini amalga oshirishga qaratilgan harakatlarni bajarish tushuniladi.
Haqiqiy huquq — shaxsga qonun yoki boshqa normativ hujjatga asosan tegishli bo‘lgan, lekin belgilangan tartibga rioya qilmagan holda amalga oshirilgan huquq. Masalan, jabrlanuvchini qarzini qaytarib berishga majbur etish maqsadida birovning mulkini o‘zboshimchalik bilan tortib olish.
Faraz qilingan huquq — bu shaxs tomonidan xato tarzda o‘ziga qonuniy ravishda tegishli, deb hisoblanadigan, lekin qonunga muvofiq unga tegishli bo‘lmagan huquq. Masalan, birovning kvartirasiga ko‘chib kelish.
Fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat va jamoat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazish o‘zboshimchalik ob’ektiv tomonining zaruriy belgisidir.
Etkazilgan ziyonning jiddiyligi har bir holda sodir etilgan jinoyatning alohida holatlarini nazarda tutib aniqlanadi. Masalan, jiddiy ziyon deb fuqarolarning konstitusiyaviy huquq va erkinliklarining buzilishi, fuqaroni turar joydan foydalanish imkonidan maxrum qilish, sog‘liqning yomonlashuvini keltirib chiqargan tan jarohatlari yetkazish kabilar tan olinishi mumkin.
Ko‘p miqdorda zarar deganda, bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha bo‘lgan miqdordagi zarar tushunilishi lozim.
Ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazmagan o‘zboshimchalik, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200-moddasiga muvofiq, ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
O‘zboshimchalikning sub’ektiv tomoni o‘zboshimcha harakatlarga nisbatan to‘g‘ri qasd va fuqarolar, davlat hamda jamiyat huquq va manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon keltirgan oqibatlarga nisbatan qasd yoki ehtiyotsizlik bilan tavsiflanadi.
O‘zboshimchalik sub’ektiv tomonining zaruriy belgisi uning o‘zichaligidir, beruxsatligidir: aybdor qonuning yoki shaxsning ruxsatisiz yoki belgilangan tartibga xilof ravishda harakat qilayotganini va bu bilan fuqarolar, davlat va jamiyatning huquq va manfaatlarini buzayotganini anglaydi va shunday harakatlarni sodir etishni xohlaydi.
Jinoyatning sub’ekti o‘n olti yoshga to‘lgan aqli raso shaxs bo‘lishi mumkin.
O‘zboshimchalik jinoyatining jamiyat uchun xavfliligi shundaki, o‘zboshimchalik boshqaruv tartibiga salbiy ta’sir ko‘zrsatishi, uni izdan chiqarishi, boz ustiga fuqarolarning huquq va manfaatlari shuningdek, jamoat manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazish xavfini keltirib chiqaradi.
X. QURBONOVA,
Mustaqil tadqiqotchi