O‘zbekistonning jamoatchilik fikri yetakchilari Top-40 reytingini tuzildi

Jamoatchilik fikri – aholining umumiy manfaatlari ifodasidir. Bugun fuqarolarimiz mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni kuzatish, tanqid qilish bilan cheklanmayapti, balki bevosita o‘zi ham qatnashayapti, takliflar kiritayapti. Prezident ta’biri aytganda, «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori»ga aylanayapti.
Jamoatchilik fikri aniq natijalarga ham erishmoqda. Toshkent propiskasi, avtomobil oynalarini qoraytirish («tonirovka»), maktab formasi, ekologik muammolar, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik kabi masalalarda jamoatchilik fikri g‘alaba qozonganini ko‘rdik. Bunda OAV, media makonning o‘rni katta. Jurnalist va blogerlar, mustaqil ekspertlar siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy, jamiyatdagi dolzarb mavzularni ochiq muhokama qilishi uchun yangi-yangi «maydon»lar tashkil etilmoqda. Natijada turli muammo va chaqiriqlarga e’tiborni qaratuvchi, konstruktiv tanqidiy fikr bildiruvchi, yechim izlashga undaydigan jamoatchilik fikri yetakchilari yetishib chiqdi.
«Yuksalish» harakati Ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ko‘magida O‘zbekistonning jamoatchilik fikri yetakchilari Top-40 reytingini tuzdi.
Reytingga mamlakat axborot makonida fikrlar xilma-xilligini ta’minlashga, milliy kontent yaratishga hissasini qo‘shib kelayotgan jurnalistlar, blogerlar, huquqshunoslar, iqtisodchilaru siyosatchilar va boshqa jamoatchilik faollari kiritildi.
Ro‘yxat qanday shakllantirildi?
Birinchi bosqichda davlat idoralari, siyosiy va ilmiy doiralar, ommaviy axborot vositalari vakillari o‘rtasida onlayn so‘rov o‘tkazildi. Respondentlar orasida vazirliklar, milliy va xorijiy axborot agentliklari, radio va telekanallar xodimlari, internet-nashrlar muharrirlari hamda siyosatshunoslar, turli soha mutaxassislari, blogerlar bor edi.
So‘rovnoma ishtirokchilari quyidagi jihatlardan kelib chiqib, jamoatchilik fikrini shakllantirayotgan beshtadan nomzod taklif qildi:
- Jamoatchilik orasida, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda faolligi va taniqliligi;
- Dolzarb mavzularni omma e’tiboriga ko‘tarib chiqishi, muhokama qilishi va yechim taklif qilishi;
- Jamiyat rivojiga hissa qo‘shishi, ijobiy o‘zgarishlar tashabbuskori bo‘lishi;
- Jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanishi, ularning ishonchini qozonganligi.
Ikkinchi bosqichda taklif qilingan nomzodlar ekspertlar tomonidan tahlil qilindi. Ularning fikrlaridan iqtibos olinganlik indeksi, materiallarining qamrovi va izohlar soni, milliy va xorijiy OAVlarda tilga olinishi baholandi. Nomzodlarning mutaxassisligi, yo‘nalishi bo‘yicha bilim darajasiga, tajribasiga ham tayanildi.
Top-40 talikka kiritilganlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari obunachilari soni 20 milliondan ziyod (unikal foydalanuvchilar 7-7,5 million), e’lon qilgan materiallarining oylik qamrovi 45 milliondan oshadi.
Reytingga kiritilgan nomzodlar alifbo tartibida berilgan.
Jamoatchilik fikri yetakchilari:
Abdukarim Mirzayev – jurnalist, rejissyor. O‘z vaqtida radiokanallarda «Dilkash», «Uchinchi odam», «Dastxat» kabi, telekanallarda esa «Ettinchi qadam», «Yo‘ldagi odam» kabi loyihalari keng ommalashgan. Ularda, asosan, insonlar hayotida, jamiyatda uchraydigan ijtimoiy masalalar olib chiqilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’naviy-axloqiy, tarbiyaviy, falsafiy mazmundagi chiqishlari bilan katta auditoriyaga ega.
Abdurahmon Tashanov – «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati raisi. O‘zbekistondagi faol huquq himoyachisi bo‘lib, inson huquqlari, qamoqxonalardagi vaziyat bilan bog‘liq bir qator muhim masalalarga e’tibor qaratadi. Ijtimoiy tarmoqlarda faol. Uning yozganlari yirik internet-nashrlarida qayta chop etiladi, fikrlaridan iqtibos keltiriladi, ma’lum bir mavzularda tez-tez intervyularga chaqiriladi.