O‘zbekistonning "eng umidli hakamlaridan biri" 5 yilga futboldan haydaldi va katta miqdorda jarimaga tortildi (FOTO)
O‘tgan haftada o‘zbek futboli ayvonidagi eng muhim va shov-shuvli xabar korrupsiya va kelishilgan o‘yinlarda qatnashgan uch nafar hakamning O‘FA tomonidan rasman jarima va jazoga tortilgani bo‘ldi. Bu haqda "Kun" nashri yozmoqda.
Inspeksiya tomonidan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston Superliga va Pro Liga uchrashuvlarida korrupsion holatlar, ya’ni bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan uch nafar bosh hakam – Jasur Muxtorov, Temur To‘xtasinov, Asker Najafaliyev diskvalifikasiya qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan eng jiddiy jazoga loyiq ko‘rilgan FIFA referisi sanalmish Jasur Muxtorov bo‘yicha quyidagilar e’lon qilindi:
«FIFA, OFK hakami Jasur Muxtorov O‘FA intizom kodeksining 5.44. bandiga asosan bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 5 (besh) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi hamda 90 000 000 (to‘qson million) so‘m jarimaga tortildi», - deyiladi rasmiy bayonotda.
O‘FA hakamlarning aynan qaysi o‘yinlarda adolat mezonlarini bir chetga surib, korrupsion ishlarga qo‘l urganini rasman ochiqlamagan bo‘lsa-da, Tribuna.uz o‘z manbalariga tayanib Jasur Muxtorovning diskvalifikasiyasiga sabab bo‘lgan asosiy o‘yinlardan birini aniqladi.
Uch yildan beri Superligada bosh hakam sifatida ishlayotgan, so‘nggi bir oydan buyon chempionat bahslariga tayinlanmayotgan 27 yoshli Jasur Muxtorov 2019 yilgi mavsum yakunida Superligada qaysi klub qolishi va qaysi jamoa Pro ligaga tushib ketishiga ta’sir o‘tkazgan. Xususan, u 2019 yilgi Superliganing so‘nggi turi doirasidagi «Buxoro» - OKMK uchrashuvi durang (1:1) natija bilan yakunlanayotgan va buxoroliklar 22 ochko bilan quyi ligaga tushib ketish arafasida qolgan bir paytda, 90+2-daqiqada jarima maydoni tashqarisidagi vaziyatni o‘yin qoidasi buzilishi deb baholab, mehmonlar darvozasi tomon juda shubhali penalti belgilagan. Natijada, 11 metrlik gol evaziga qo‘lga kiritilgan g‘alaba tufayli ochkosini 24taga yetkazib olgan «Buxoro» ligada qolgan, uning o‘rniga 24 ochkoga ega «Dinamo» o‘zaro o‘yinlardagi ko‘rsatkich tufayli quyi ligaga ravona bo‘lgan.
Qizig‘i, o‘sha bahsdan keyin «Sport» telekanalining «Referi taym» ko‘rsatuvida hakamlar nazoratchisi Rashid Aytekov «Buxoro» — OKMK o‘yinida belgilangan penalti haqida gapirib, «Bu vaziyatda penalti bor ham, yo‘q ham deya olmayman», - deya fikr bildirgandi.
Boshlovchi qoida buzilishi jarima maydonchasi tashqarisida qayd etilganini «Sport» kanalining kameralarida ham yaqqol ko‘rinib turganini aytganida, Aytekov savolga aniq javob berishdan qochgan va Jasur Muxtorovni mamlakatning eng umidli hakamlaridan biri ekanini aytib, uni kelajakda jahon chempionatida ishlaydigan referi bo‘lishini ta’kidlagandi.
Ammo ko‘rib turibmizki, sobiq hakam Aytekovning umidlari puchga chiqdi – ropa-rosa bir yil o‘tib, «mamlakatning umidli hakamlaridan biri» Jasur Muxtorov korrupsiyaga yo‘l qo‘ygani va kelishilgan uchrashuvlarda qatnashgani tufayli rasman jazoga tortildi. Yana bir qiziq fakt - «Buxoro» ropa-rosa bir yil o‘tib ham ligada qolish uchun kurashmoqda va jamoaning elitadagi taqdiri so‘nggi turda OKMKga qarshi bahsda oydinlashadi.
O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan mazkur holatlarga aloqadorlikda gumon qilingan 10 nafardan ortiq futbol hakamlari, professional futbol klublarining murabbiy va rasmiy shaxslari bo‘yicha ma’lumotlar, tegishli futbol uchrashuvlari qaydnomalari, inspektorlarning futbol uchrashuvlari bo‘yicha hisobotlari, hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi deklarasiyalari, tegishli futbol uchrashuvlaridagi shubhali epizodlar aks etilgan videomateriallar O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilganligini e’lon qildi. Umid qilamizki, chirkin ishlarga qo‘l urgan hakamlar bilan birga tanganing ikkinchi tomoni – futbol klublari mas’ullari va rasmiylar ham tegishli jazoga tortiladi.