O‘zbekistonda qancha fuqaroga bir martalik moddiy yordamlar berilgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonda qancha fuqaroga bir martalik moddiy yordamlar berilgani ma’lum bo‘ldi

Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh to‘plamlari, maktab formasi va o‘quv qurollari bilan ta’minlash maqsadida 2020 yilning sentyabr oyida aholining quyidagi uch toifasiga bir martalik moddiy yordamlar berilishi ko‘zda tutilgan edi:

1. Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga;
2. Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga;
3. Nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ—4815-son qaroriga muvofiq, bir martalik moddiy yordam miqdori har bir 16 yoshga to‘lmagan bolalari uchun 500 ming so‘m etib belgilangan.

Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi — boquvchisini yo‘qotgan oilalarning voyaga yetmagan farzandlari hamda nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalariga moddiy yordam pullarining pensiyalarni (nafaqalarni) to‘lash uchun belgilangan muddatda manzilli yetkazilishini ta’minlaydi.

Moliya vazirligi — zarur mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mahalliy byudjetlariga o‘z vaqtida ajratish;

Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda — moddiy yordam mablag‘larini tarqatish uchun naqd pul bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ul etib belgilangan.

Har qanday ajratilgan mablag‘larning o‘z egalariga yetkazib berilishi va to‘g‘ri ajratilganligi tekshirib, o‘rganilishi zarur. Chunki, inson omili aralashgan joyda har qanday noxush holatlar yoki noqonuniy va o‘zlashtirish holatlariga yo‘l qo‘yilishi mumkin.

Mazkur Qarorda belgilangan bir martalik moddiy yordam to‘lovlarining manzilli yetkazib berilishi bo‘yicha Pensiya jamg‘armalari va AT “Xalq banki” filiallari mas’ul tashkilot hisoblanadi. Davlat Moliyaviy Nazorat Departamenti hamda uning hududiy boshqarmalari shuningdek, hududiy moliya bo‘limlari tomonidan ularning qonuniyligi va o‘z egalariga yetkazib berilganligi o‘rganiladi va tekshiriladi.

Bugungi kunda Respublika bo‘yicha bir martalik moddiy yordam oluvchi (farzandlar soni bo‘yicha) jami 330 668 nafar fuqarolarga 165 334,0 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lar to‘lanishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar joriy yilning 8 sentyabr kuni Pensiya jamg‘armasi tomonidan AT “Xalq banki” va boshqa tijorat banklariga to‘liq moliyalashtirildi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Pensiya jamg‘armasi tomonidan avgust oyida 8 470 nafar nogironlik muddati tugagan bolalarning nogironlik muddatlari va 41 277 nafar sentyabr oyida o‘qishni davom ettirayotgan 16 yoshdan katta boquvchisini yo‘qotgan bolalarning pensiya yoki nafaqa muddatlari uzaytirilib, ketma-ket uch oy davomida vaqtincha uyda yo‘qligi hamda 6 oy muddatda pensiya jamg‘armasiga kelmagan 403 nafar shahslarning pensiya yoki nafaqa to‘lovlari to‘htatilmagani holda joriy oy to‘lov qaydnomalariga kiritildi.

Moliyalashtirilgan mablag‘lardan 116 812,3 mln. so‘mi yoki 71 foizi naqd pul shaklida va 48 521,7 mln.so‘mi yoki 29 foizi esa tijorat banklarda ochilgan bank plastik kartalari orqali oluvchilarni tashkil qiladi. (jadval ilova qilinadi).

Bugungi kunda (15.09.2020 yil) moddiy yordam sifatida to‘lash uchun ajratilgan 165 334,0 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lar to‘liq moliyalashtirilgan hamda 162 562,4 mln.so‘mi (98%) fuqarolarga manzilli yetkazib berilishi ta’minlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!