O‘zbekistonda Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi o‘tkazildi

O‘zbekistonda Haydar Aliyev tavalludining  100 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi o‘tkazildi

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi, Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash Davlat qo‘mitasi hamkorligida Ozarbayjon Madaniyat Markazida Ozarbayjon xalqining Umummilliy Lideri Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston hukumati vakillari, madaniyat, san’at xodimlari, ziyolilar, talaba va yoshlar qatnashdi.

Tadbir ishtirokchilari avvalo Madaniyat markazidagi Umummilliy Lideri Haydar Aliyev byusti hamda shahidlar yodgorlik majmuasiga gul qo‘yishdi. Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Markazda Haydar Aliyevga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar.

Madaniyat markazining katta konsert zalida davom etgan tadbirni O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbasov kirish so‘zi bilan ochar ekan, Ozarbayjon xalqining buyuk o‘g‘loni, mustaqil Ozarbayjon davlati hamda Ozarbayjon mafkurasi asoschisi, Umummilliy Lider Haydar Aliyevning xizmatlari haqida to‘xtalib, uning Ozarbayjon davlatchiligi tarixiga ulkan hissa qo‘shgani, katta muvaffaqiyatlarga erishgani, Umummilliy Liderning bu beqiyos xizmatlarini nafaqat Ozarbayjonda, balki butun dunyoda keng targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi.

Samir Abbasov Haydar Aliyevning shaxsiyati, uning Turkiy dunyo haqidagi qarashlari, O‘zbekiston bilan davlatlararo aloqalar va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishdagi xizmatlari haqida so‘zlab, uning nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish yo‘lidagi loyihalari haqida ham gapirdi.

Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash Davlat Qo‘mitasi raisi Fuad Murodov Ozarbayjon xalqining Umummilliy Lideri Haydar Aliyevning ijtimoiy-siyosiy faoliyati, uning Ozarbayjon davlatchiligi tarixidagi o‘rni haqida so‘z yuritar ekan, Haydar Aliyevning xorijda yashovchi ozarbayjonlarga alohida e’tibor qaratgani va Ozarbayjon diasporasi Umummilliy Lider davrida shakllanganligi, diaspora faoliyatining davlat darajasida yo‘lga qo‘yilishida Umummilliy Liderning xizmatlari beqiyos ekanini qayd etdi.

Fuad Murodov Ozarbayjon davlatining diaspora faoliyati haqida gapirar ekan, qardosh O‘zbekistonda ham ko‘plab yurtdoshlarimiz yashayotgani, ozarbayjonlar mamlakat ijtimoiy-madaniy hayotida doimiy ravishda faol ishtirok etayotganini ta’kidladi. Fuad Murodov O‘zbekistonda ozarbayjonlarning o‘zlari doimiy yashaydigan va fuqaro bo‘lgan mamlakat manfaati uchun ishlashi, bundan tashqari, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishi muhimligiga urg‘u qaratdi.

O‘zbekistonning Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari Qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonov Ozarbayjon xalqining Umummilliy Lideri Haydar Aliyevning Sovet Ittifoqi davrida ham, mustaqillikdan keyin ham qardosh respublikalar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rnatish va rivojlantirishdagi ijtimoiy-siyosiy faoliyatidagi tarixiy roli haqida so‘zladi. Haydar Aliyevning 100 yilligi O‘zbekistonda ham keng nishonlanayotgani, shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan maxsus buyruqlar va harakatlar rejasi tasdiqlanganini qayd etdi.

Chiqishlardan so‘ng Ozarbayjon Respublikasi Diaspora bilan ishlash Davlat Qo‘mitasining loyihasiga ko‘ra tayyorlangan va Haydar Aliyevga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Xalq cholg‘ulari kamer orkestri tomonidan Umummilliy Liderga bag‘ishlangan Do‘stlik konserti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, professor Feruza Abdurahimova badiiy rahbarligidagi “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamer orkestri tomonidan ozarbayjon bastakorlarining Ozarbayjonga, Haydar Aliyevga bag‘ishlangan asarlari, shuningdek, xalq qo‘shiqlari ijro etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!