O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari amaliy hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahor ayyomi - Navro‘z munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, birodar O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.
O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari batafsil muhokama qilindi.
Savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperasiyasi, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda, shu jumladan hududlar darajasida amaliy hamkorlik bo‘yicha loyihalarni ilgari surish maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.
Shu kunlarda Qozog‘iston shaharlarida o‘tayotgan qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlarga yuksak baho berildi.
Etakchilar bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini, shu jumladan "Markaziy Osiyo plyus" formatidagi sammitlarga tayyorgarlikni ko‘rib chiqdilar.