O‘zbekiston va Hindiston moda texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlashda hamkorlik qilish istiqbollarini o‘rganmoqda

O‘zbekiston va Hindiston moda texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlashda hamkorlik qilish istiqbollarini o‘rganmoqda

O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi xodimlari Hindiston To‘qimachilik vazirligi qoshidagi Moda texnologiyalari milliy instituti (HMTMI) direktori Agendra Mukul bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Hind oliy ta’lim muassasasi vakili o‘zbekistonlik hamkasblari bilan to‘qimachilik sanoati uchun zamonaviy kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, xususan, bu yo‘nalishda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollariga institut rahbariyati katta qiziqish bilan munosabat bildirayotganini qayd etdi. Xususan, HMTMI tomonidan O‘zbekistonda qo‘shma fakultet ochish bo‘yicha tadqiqotlar yakunlanayotgani, bu mazkur institutning chet eldagi birinchi loyihasi bo‘lishini ta’kidladi.

E’tiborlisi, HMTMI shu kungacha faqat mahalliy bozor uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda. Biroq O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik uchun yaratilayotgan qulay imkoniyatlar ushbu ta’lim maskanini mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishga undamoqda.

Xususan, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti (TTESI) va HMTMI vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tarmoq uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, o‘quv jarayoniga innovasion ta’lim texnologiyalarini tadbiq etish, “nou-xau”lar bo‘yicha tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuv dasturlarini amalga oshirish va boshqa masalalar muhokama qilinmoqda.

Hindiston Moda texnologiyalari milliy instituti 1986 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Institut mamlakat to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatini professional kadrlar bilan ta’minlashda yetakchi mavqega ega. Bangalor, Mumbay, Chennay, Haydarobod, Kalkutta, Shrinagar va boshqa yirik shaharlarda 20 ga yaqin o‘quv kampuslari faoliyat yuritadi. HMTMI so‘nggi yillarda, shuningdek, hunarmandchilikni rivojlantirishga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!