O‘zbekiston turizmi salohiyati Berlin metrolarida namoyish etilmoqda

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish dasturi doirasida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan "DIE MEDIA FABRIK Agentur für Mediaberatung GmbH" media-xizmati agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur sayyohlik reklamasi noyabr-dekabr oylarida Berlin metropolitenida namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizga tashrif buyuradigan sayyohlarning katta qismi germaniyalik sayyohlarga to‘g‘ri keladi. Davlatimiz rahbarining olib borayotgan ochiq tashqi siyosati tufayli nafaqat iqtisodiy, balki turizm sohasida ham dunyo mamlakatlarining asosiy e’tibori yurtimizga qaratilmoqda. Yevropaning yirik sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlarining yurtimizga bildirayotgan qiziqishi va izchil rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari bunga yaqqol misoldir.
Dunyodagi eng yirik metropolitenga ega shaharlardan biri bo‘lgan Berlin metrosida O‘zbekistonning turistik salohiyati, mavjud sayyohlik yo‘nalishlari va imkoniyatlari tasvirlangan videolavha namoyishi sayyohlar sonining yanada ortishiga, ularni mamlakatimizning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Berlin metrosi eng ko‘p foydalaniladigan jamoat transportlaridan biri hisoblanadi. Undan nafaqat shahar aholisi, balki butun dunyodan tashrif buyuradigan mehmonlar ham foydalanadilar.
Sayohat kompaniyasi mutaxassislariga ko‘ra, yilning ayni shu oylarida germaniyaliklar keyingi yilgi sayohatlarini rejalashtiradilar. Rojdestvo va Yangi yil bayrami arafasida Germaniyaga dunyoning turli burchaklaridan mehmonlarning oqib kelishi hisobga olinsa, yurtimiz turizm salohiyatiga bag‘ishlangan ushbu videorolik samarali bo‘ladi. Shu bilan birga kelgusi yilda mamlakatimizga boruvchi sayyohlar sonining oshishiga xizmat qiladi.