O‘zbekiston IIV Akademiyasi delegasiyasi Hindistonda o‘tkazilgan xalqaro tadbirlar doirasida qator hujjatlar imzoladi

O‘zbekiston IIV Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Hotamov boshchiligidagi delegasiya Xalqaro polisiya akademiyalari assosiasiyasi (INTERPA) Ijroiya kengashi va Bosh assambleya yig‘ilishlarida ishtirok etish uchun Hindistonning Gujarat shtatida bo‘ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".
Xalqaro tadbirlarda INTERPA doirasidagi istiqbolli hamkorlik strategiyasi va qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Filippin milliy polisiya akademiyasi assosiasiyaga a’zo sifatida qabul qilindi. Tashkilotning 2024 va 2025 yillardagi yillik tadbirlarini Qatar, Saudiya Arabistoni va Turkiyada o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston vakillari, shuningdek, "Texnologik halokatlar va tabiiy ofatlar davrida polisiya faoliyati" mavzusidagi xalqaro konferensiyada ham qatnashdi.
Tadbirlar davomida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xususan, IIV tizimi va Akademiyasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim jarayoniga joriy etilayotgan ilg‘or xalqaro tajriba haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi, videoroliklar namoyish qilindi.
O‘zbekiston IIV Akademiyasi delegasiyasi a’zolarining Hindiston Kriminalistika fanlari milliy universiteti vise-kansleri Jantkumar Vyas bilan uchrashuvi chog‘ida ikki oliy bilim yurtlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, 2024-2025 o‘quv yiliga mo‘ljallangan hamkorlik rejasini ishlab chiqish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Mamlakatimiz va Hindistonning Rashtriya Raksha universiteti vakillari o‘rtasidagi muloqot chog‘ida ham o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur universitet faoliyati va ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishildi.
Tomonlar ta’lim sohasidagi hamkorlik va tajriba almashinuvini faollashtirish, ta’lim jarayoniga innovasion yechimlarni keng jalb qilish, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish zarurligini ta’kidlab, O‘zbekiston IIV Akademiyasi va Rashtriya Raksha universiteti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumini imzoladi.
Amaliy tashrif chog‘ida, shuningdek, O‘zbekiston IIV Akademiyasi va Turkiya Milliy polisiya akademiyasi vakillari tomonidan bundan avval imzolangan O‘zaro hamkorlik memorandumi ijrosini ta’minlashga qaratilgan 2024-2025 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar bo‘yicha "yo‘l xaritasi" imzolandi.