O‘zbekiston elchisi Buyuk Britaniyadagi missiyasini bajarishga kirishdi

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ravshan Usmonov kecha Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Protokol departamenti direktori Viktoriya Basbiga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi, shuningdek, O‘zbekiston – Buyuk Britaniya ko‘p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Viktoriya Basbi Britaniya tomonining O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga tayyorligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi 14 noyabr kuni Buyuk Britaniya poytaxtiga yetib bordi. U 2018 yildan buyon mamlakatimizning Malayziyadagi elchisi sifatida ishlab kelayotgan edi. Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), O‘zbekiston TIVning Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat yuridik institutini (hozirgi universitet) tamomlagan. Tashqi siyosat idorasidagi faoliyatini 2000 yilda boshlagan. O‘tgan yillar davomida markaziy apparatda va O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasida turli lavozimlarda ishlagan. Shundan keyin TIVning Yevropa mamlakatlari va NATO bilan hamkorlik boshqarmasini boshqargan. Fransiyadagi elchi, shuningdek, Italiya va Portugaliyadagi o‘rindoshlik asosidagi elchi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Ravshan Usmanov 2019 yildan buyon Londondagi elchi lavozimida ishlab kelgan Said Rustamov o‘rniga tayinlandi.