O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasini o‘rganildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2025-yil 1-fevral holatiga O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasini o‘rgandi.
Ma’lumot uchun: bozor HHI (Xerfindal Xirshman Indeksi) bo‘yicha raqobat darajasiga ko‘ra 3 guruhga bo‘linadi, raqobat darajasi past (HHI 2500-10000 gacha), o‘rtacha (HHI 1500- 2500) va yuqori (HHI 1500 dan past)
Aktivlar. 2025-yil 1-fevral holatiga aktivlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 72 birlikka yaxshilanib, 800 ni tashkil qildi. Bu davrda tijorat banklari jami aktivlari hajmi 17,7 foizga (yoki 115,6 trln. so‘m) ortib, 768 trln. so‘mga yetdi.
2024-yil 1-fevral holatiga xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi 32,5 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2025-yil 1-fevral holatiga 34,5 foizga yetdi. Bu davrda “Anorbank” ulushi (1,36 foiz) 0,64 foiz bandga, “TBC” banki ulushi (1,33 foiz) 0,60 foiz bandga, “Hamkorbank” ulushi (3,71 foiz) 0,41 foiz bandga oshdi. Qolaversa, davlat ulushi mavjud eng yirik banklardan “O‘zmilliybank” (17,5 foiz) va “Asakabank”ning (7,4 foiz) jami bank tizimi aktivlaridagi ulushi mos ravishda 1,5 va 1,3 foiz bandga kamaydi.
Kreditlar. 2025-yil 1-fevral holatiga kreditlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi o‘tgan yilning mos davridagiga (975) nisbatan 57 birlikka yaxshilanib, 918 birlikni tashkil qildi. Bu davrda xususiy va chet kapitali ishtirokidagi banklar tomonidan ajratilgan kreditlarning butun bank tizimi jami kreditlar hajmidagi ulushi 30 foizdan 31 foizga oshdi.
Iqtisodiyotga tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit qo‘yilmalari hajmi 2025-yil 1-yanvar holatiga 533,1 trln. so‘mni (YAIMga nisbatan 36,6 foiz) tashkil qilgan bo‘lsa, 1-fevral holatiga 866 mlrd. so‘mga oshib, 534 trln. so‘mga yetdi. Jami kredit qoldig‘i 2025-yil 1-fevral holatiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshdi. Bunda jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi mos ravishda 20 va 11 foizga ortgan. Ushbu davrda jismoniy shaxslarga ajratilgan mikroqarzlar hajmi 75 foiz ko‘paydi .
Ma’lumot uchun: mikroqarzlar uchun maksimal qiymat 2024-yil 1-yanvardan 50 mln. so‘mdan 100 mln. so‘mga oshgan.
Milliy valyutadagi jami bank kreditlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2024-yilning yanvar oyida 24,1 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, dekabr oyida 23,4 foizga tushgan. Milliy valyutadagi aholi kreditlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 2024-yil dekabr oyida 24,9 foizgacha oshdi (sentyabrda 23,8 foiz edi). Buning asosiy sababi milliy valyutadagi kreditlarga bo‘lgan talabning va inflyasion kutilmalarning yuqoriligidir.
Depozitlar. Depozitlar uchun HHI indeksi 2025-yil 1-fevral holatiga 636 birlikni tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga (668) nisbatan 32 birlikka yaxshilandi. 2024-yil 1-fevral holatiga, jami depozitlar hajmi 242,1 trln. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2025-yil 1-fevral holatiga 310,2 trln. so‘mga yetdi (o‘sish 28,1 foiz).
Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning bank tizimi jami depozitlari hajmidagi ulushi 2025-yil 1-yanvar holatiga 1 foiz bandga oshib, 50 foizga yetdi, ammo 1-fevral holatiga “Ipotekabank” va “Tengebank”ning ulushi mos ravishda 0,67 foiz bandga va 0,37 foiz bandga qisqarishi natijasida davlat ulushi mavjud banklarning ulushi 1 foiz bandga ortdi.
Chet el valyutasi bank depozitlari bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 2024-yil boshida 4,7 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, yil yakunida 5,3 foizga yetdi. Qolaversa, ushbu davrda milliy valyutada jalb qilingan depozitlar hajmi 36 foizga, chet el valyutasida jalb qilingan depozitlar hajmi 7,4 foizga ortgan.
Tahlil qilingan davrda aktivlar, kreditlar va depozitlar bo‘yicha
hisoblangan HHI indeksi raqobat darajasi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bunda davlat ishtirokini kamaytirish, xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar raqobat sharoitlarini yaxshilash va bank sektorini yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganidan dalolat bermoqda.