O‘zbekiston – AQSh hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar to‘plami imzolandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga bag‘ishlangan marosim va qo‘shma loyihalar taqdimotida ishtirok etdi.
Tadbirda AQSh hukumati va moliya institutlari vakillari – savdo vakili Jeymison Grir, Prezidentning maxsus vakili Paolo Zampolli, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich, AQSh – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, “Traxys”, “Valmont Industries”, “Gulf Oil”, “Avigen Broiler Breeding Group”, “John Deere”, “BlackRock Financial Markets Advisory”, “Oppenheimer” va boshqa yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Videoaloqa orqali uchrashuvda O‘zbekiston hududlari rahbarlari ham qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yangi, amaliy formatda o‘tayotgan ushbu uchrashuv bundan avvalgi davra suhbatining mantiqiy davomi hamda iqtisodiy sheriklik strategik ishonch va o‘zaro manfaatdorlik ruhida yuksak darajaga ko‘tarilayotganining ifodasi ekanini ta’kidladi.
– Bugungi kunda sheriklar ishonchli, qoidalar aniq-ravshan, hamkorlik esa uzoq muddatli bo‘lishi yetakchi o‘ringa chiqmoqda. Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorligimizni aynan shu mantiq asosida qurmoqdamiz, – dedi Prezidentimiz.
Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyot O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida o‘ta muhim xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va boshqa tarmoqlar ko‘rsatib o‘tildi. AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporasiyasi va Eksimbankining bitimlarga hamrohlik qilishda doimiy hamkorlar sifatidagi roli ortib borayotgani alohida qayd etildi.
Qo‘shma Ishbilarmonlik va investisiya kengashining salohiyatidan faol foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Hududlararo aloqalarni mustahkamlash doirasida O‘zbekiston hududlari rahbarlarining AQShning hamkor shtatlariga tashriflarini tashkil etish topshirildi.
Davlatimiz rahbari huzurida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini qurish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investisiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
