O‘zbek mediasi vakillari Xitoyning energetikaga oid tajribasini o‘rganishmoqda
Etakchi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Energetika vazirligi va uning tizim tashkilotlari matbuot kotiblarining Xitoyga press-turi tashkil etildi. Tadbirda, shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi hamda Ekologiya vazirligi vakillari ham ishtirok etmoqda.
Prezident topshirig‘iga muvofiq tashkil etilgan press-tur qatnashchilari XXRning Pekin, Sian va Chendu shaharlaridagi energetika tizimi korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishishmoqda.
Birinchi ob’ekt Pekin shahridagi «China Energy International Co. LTD» korporasiyasi bo‘lib, u 2011 yilda tashkil etilgan. Uning dunyodagi 140 davlatida faoliyat ko‘rsatuvchi bo‘linmasida 100 mingdan ziyod xodim ishlaydi. Umumiy aktivi - 154 mlrd. AQSh dollari.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugunga qadar kompaniya tomonidan umumiy 1060 GVt quvvatli 300 dan ortiq loyiha yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekistonlik jurnalist va matbuot kotiblari kompaniyaning elektr stansiyalarini loyihalashtirish, qurish hamda ularga xizmat ko‘rsatishga doir tajribasi bilan tanishishdi. Shu bilan birga, ularga issiqlik elektr stansiyalari va gidroelektr stansiyalari qatorida quyosh, shamol va atom elektr stansiyalari kabi «yashil» energetika manbalarini qurish va saqlash borasidagi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, «China Energy International Co. LTD» O‘zbekistonning bir necha hududida qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishida umumiy qiymati 2 mlrd. 450 mln dollarga teng loyihalarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, kompaniya Sirdaryo viloyatida barpo etilayotgan zamonaviy elektr stansiyasi qurilishida bosh pudratchi sifatida ishtirok etayotgan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on tumanida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiya hisobiga energiyasamarador sement zavodini ishga tushirdi. Bundan tashqari, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida quvvati 500 MVt bo‘lgan ikki quyosh elektr stansiyasini qurmoqda.
Ushbu stansiyalarning dastlabki quvvati 2023 yilning 27 dekabrida umumiy tarmoqqa ulandi va bugunga kelib O‘zbekiston energetika tarmog‘iga ekologik toza «yashil» energiya yetkazib bermoqda.
Shu bilan birga, Navoiy viloyatida quvvati 600 MVt bo‘lgan gibrid elektr stansiyasini (quyosh, shamol va elektr energiyasini saqlash tizimi) qurish loyihasini amalga oshirmoqda.
Bundan tashqari, Toshkent, Farg‘ona, Andijon hamda Namangan viloyatlari hududida 8 ta elektr energiyasini saqlash tizimlarini qurish loyihasi ro‘yobga chiqarilyapti.
Press-turdan Xitoy Xalq Respublikasi energetika tizimi, unda qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar hamda raqamlashtirish jarayoni bilan tanishish maqsad qilingan.
