Ukrainaga qarshi urushga borgan 20 yoshli o‘zbekistonlikka 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Rossiya qo‘shinlari tarkibida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan 20 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Sud materialida qayd etilishicha, sudlanuvchi I.J. 2024 yilning 23 fevral kuni “Toshkent-Sankt-Peterburg” yo‘nalishidagi aviareys orqali Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga mavsumiy ishlash maqsadida borib, 2024 yilning 12 iyun kuni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yil davomida har oyda 195 ming rubl miqdorida oylik maosh olish evaziga muddatli harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida shartnoma imzolab, Rossiya tarafini olib, Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etishga rozilik bildirgan.
24 iyun kuni Lugansk viloyatidagi 31985-sonli harbiy qism poligoniga borib, 14 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, ikki hafta davomida shu harbiy qismda bo‘lgan. Shu vaqt oralig‘ida u harbiy dron portlashi oqibatida o‘ng oyog‘idan yarador bo‘lib, 4 avgust kuni Belgorod shahridagi harbiy gospitalga borib, 13 kun davolanib, 17 avgust kuni yana Lugansk viloyatidagi harbiy qismga qaytgan.
Sudlanuvchi harbiy gospitalda davolanishi davomida harbiy qism komandiridan qo‘shimcha davolanish uchun 15 kun muddatga ta’til berishini so‘ragan, ammo ushbu murojaatiga rad javobini olgach, 5 sentyabr kuni harbiy qismdan qochib, 1 oktyabr kuni “Moskva-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan va ixtiyoriy ravishda o‘zini DXXga topshirgan.
Joriy yilning 28 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga asosan I.J. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topildi va unga 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.