Ukraina Rossiyada agentlar tarmog‘ini yaratgan

Ukraina Rossiyada agentlar tarmog‘ini yaratgan

Ukraina Rossiya ichida sabotaj agentlari tarmog‘ini yaratib, ularga qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish uchun dronlar bermoqda. Bu haqda AQSh razvedkasiga aloqador manbasiga asoslanib CNN nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, AQSh rasmiylari may oyi boshida Kremlga qilingan dron hujumini aynan ukrainparast kuchlar Rosisyaning ichidan turib amalga oshirgan, deb hisoblamoqda.

Shuningdek, yaqinda Moskva chekkasidagi aholi turar joylari va Rossiya janubidagi neft bazalariga qilingan dron hujumlari ham shunday agentlar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar yangrayapti.

AQSh rasmiylari Rossiya ichidagi Ukrainaga hayrixoh shaxslardan maxsus o‘qitilgan agentlar tarmog‘i yaratilgani va ularga Ukrainada ishlab chiqarilgan uchuvchisiz qurilmalar berilayotganini aytmoqda. Biroq Rossiyadagi dron hujumlaridan birortasi AQShda ishlab chiqarilgan yoki u tomonidan Ukrainaga berilgan qurilmalar yordamida amalga oshirilmagani ta’kidlangan.

Evropa razvedkasi vakilining aytishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi chegara juda katta va nazorat qilish uchun qiyin. Shu bilan birga, chegara kontarbanda mahsulotlarini olib o‘tish uchun qulay.

Rossiyadagi portlashlar va dron hujumlarining ortida kim turgani ma’lum emas. Ammo Ukraina razvedkasining bu ishga aloqadorligi taxmin qilinadi. Garchi Vladimir Zelenskiy harakatlarning asosiy parametrlarini belgilab qo‘ygan bo‘lsada, har bir operasiyada uning ruxsatini olish shart emas. Bunday amaliyotlarning tashkilotchisi ko‘pincha Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanov bo‘ladi. Avvalroq, Pentagonning matbuotga sizdirilgan maxfiy hujjatlarda ham Kirill Budanov Rossiya bosqinining bir yilligi munosabati bilan Federasiya hududiga zarba berishni rejalashtirgani, biroq, operasiyaga bir necha kun qolganida AQSh so‘roviga ko‘ra bekor qilingani yozilgandi.

Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarining matbuot kotibi CNN'ga bergan intervyusida Rossiya ichidagi sirli portlashlar va dron hujumlari hali davom etishini aytgan.

AQSh Rossiyaning ichkarisiga qilingan hujumlarni ommaviy bayonotlarda qoralab, bu harakat eskalasiyaga olib kelishini ta’kidlab kelsada, mamlakat rasmiylari transchegaraviy hujumlar Rossiyaning resurslarni Ukraina urushiga emas, mamlakat ichki xavfsizligiga sarflashiga olib kelishini va bu aqlli harbiy strategiya ekanini aytishadi. Ko‘plab g‘arb davlatlari Ukrainaning o‘z hududidan tashqarida olib boradigan harbiy operasiyalarini qonuniy, deb hisoblayapti. Jumladan, Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina Rossiyaning mamlakat hududiga kuch kiritish qobiliyatini zaiflashtirish uchun o‘z chegarasidan tashqarida shunday amaliyotlarni qo‘llash huquqiga ega, deya bayonot berdi.

“O‘z chegaralaridan tashqaridagi qonuniy harbiy nishonlar xalqaro miqyosda mamlakatning o‘zini o‘zi mudofaa qilish qismi sifatida tan olingan”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!