“Uch taloq”ni bir lafzda aytganning hukmi qanday?
Nikoh azaldan o‘zbek xalqining muqaddas tushunchalaridan, eng pok rishtalaridan sanaladi. Oilalarning buzilishi jamiyatda parokandalikni yuzaga keltiradi. Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadiki: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:«Alloh azza va jallaga eng yomon ko‘rilgan halol narsa taloqdir», dedilar» (Abu Dovud, Imom Hokim, Imom Hokim sahih degan). Taloq lafzi tufayli Allohning arshi larzaga keladi. Alloh taolo Niso surasining 19-oyatida shunday deydi: «Ular bilan totuv turmush kechiring. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin».
Shuningdek, xalq orasida bir vaqtning o‘zida aytilgan uch taloq masalasida noto‘g‘ri tushunchalar ham uchrab turadi. Bu haqida ummat ulamolari bir lafzda aytilgan uch taloq uchtaga o‘tadi, deb yakdillik bilan ittifoq qilganlar. Xoh «uch taloqsan», deb bittada, xoh «uch taloqsan, uch taloqsan, uch taloqsan», deb alohida-alohida aytsin bir xil hukmdadir. Alloh taolo «Baqara» surasida «Taloq ikki martadir. So‘ngra (oilani) yaxshilik bilan saqlash yoki chiroyli suratda ajralishdir» (229-oyat), deya taloq uchta bo‘lishini bildiradi. Albatta, bularning barchasi bandalarga imkoniyat sifatida berilgan. Lekin uni suist’emol qilib, bir vaqtning o‘zida barchasini ishlatib qo‘ysa, o‘ziga ziyon qilgan holida berilgan imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Zero, sunnatga ko‘ra, ayolining poklik paytida qo‘yiladigan taloqda kishi ayolining poklik muddatini kutish davomida fikru xayolini jamlab, yetti o‘lchab bir kesadi. Shubhasiz, bunday holatdagi taloq keyinchalik afsus-nadomatlar olib kelmaydi. Ayol ham o‘zini o‘nglab, xatolarini tushunib yetadi. Ikki taraf uchun ham oilani asrab qolish uchun yana bir imkon eshigi ochib qo‘yilgan bo‘ladi. Ammo ba’zida «uch taloqsan», «ming taloqsan» kabi shariatda belgilab berilgandan boshqacha taloq qo‘yish holatlari kuzatiladi. Natijada, ishni isloh qilish uchun shariatga zid turli choralar axtarilyapti. Ushbu masalada ba’zilarning «bir taloq tushadi», degan harom yo‘lga olib boruvchi «fatvo»larining xato ekaniga bir qancha dalillar keltirganlar. Zero, islom tarixida hech bir sahoba, mujtahid olim «uch taloq qilingan ayol boshqa turmushga chiqmasdan eri bilan qayta nikohlanib olsa bo‘ladi», degan emas! Bu hukm Umar (r.a.) davrlarida qat’iy ijmo bilan sobit bo‘lgan. Hech bir sahoba yuqoridagi masalaga xilof fikr bildirmagan.
Alloma Jassosning «Ahkom ul-Qur’on» kitobida shunday keltiriladi. Mujohiddan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Ibn Abbos (r.a) ning oldilariga kelib: «Men ayolimni yuz taloq qilib qo‘ydim», deganda, u zot: «Uchtasi bilan ayoling senga harom bo‘libdi. Qolgan to‘qson yettitasi bilan Allohning oyatlarini o‘yin qilibsan», dedilar. Boshqa bir rivoyatda esa: «Bir kishi Ibn Abbosga ayolini uch taloq qilganini aytganda, Ibn Abbos shu qadar uzoq sukut saqladilarki, men, ayolini eriga qaytarib beradilar, deb o‘yladim. So‘ngra u zot: «Ey Ibn Abbos, ey Ibn Abbos, Alloh taolo “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur” deganku, deydi. Sen Allohga taqvo qilmadingmi, men senga chiqish yo‘lini topib berolmayman. Sen Robingga gunohkor bo‘lding. Ayoling esa boin taloq bo‘ldi”, dedilar.
Darhaqiqat, taloq lafzi o‘yin uchun yoki jahl tufayli og‘izning bir uchidan osonlikcha chiqib ketadigan so‘z emas. U sababidan er-xotin bir-biriga halol bo‘lmay qoladi. «Uch taloq bir taloqqa o‘tadi» degan botil fikrlar natijasida nikohsiz farzandlar tug‘ilib, fisqu fasod yuzaga keladi. Unday osiy insonlar, shubhasiz, Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘ladilar. Jahl ustida aytib qo‘yilgan bir so‘zning oqibatini o‘zi yolg‘iz, farzandlari onasiz qolganda tushunadi. Xatoning boshi bo‘lgan jahlni jilovlay olgan kishigina keyin afsuslanmay, vaziyatdan chiqishning turli noshar’iy usullarini izlamaydi. Har bir o‘zini musulmon deb biladigan kishi buni chuqur anglab, u haqida fikr yuritishi lozimdir.
“Tahfizul qur’on” kafedrasi
o‘qituvchisi Islomxon Ubaydullayev
Manba: azon.uz
