Turkiyaning boykoti Isroil bozorlariga haqiqiy zarba berdi

Turkiyaning boykoti Isroil bozorlariga haqiqiy zarba berdi

Turkiya bilan savdo aloqalari uzilganidan keyin Isroilda meva-sabzavot narxlari sezilarli darajada oshib ketdi.

Xabaringiz bor, Turkiya G‘azo sektoridagi qirg‘inga javoban Isroil bilan savdo kelishuvlarini to‘xtatgan. Mahalliy bozorlarda sabzavot va mevalarning narxi tom ma’noda ko‘tarilganida, Isroil iste’molchilari bu qadamning oqibatlarini tezda his qildi. Iordaniyadan kelayotgan oziq-ovqatlarda vabo aniqlanganishu Turkiyaning boykoti bilan qo‘shilib vaziyatni yanada qiyinlashtirdi. Shu o‘rinda, pomidor va bodring kabi mahsulotlarning yarmi Turkiya va Iordaniyadan Isroilga kelganini alohida ta’kidlash lozim.

2 may kuni G‘azoda qirg‘in boshlanganidan beri birinchi marta Isroilga 54 ta tovar guruhini eksport qilishga cheklovlar qo‘ygan Turkiya savdo vazirligi G‘azo sektoriga gumanitar yordam to‘siqsiz kelguniga qadar yahudiy davlati bilan barcha savdo bitimlari to‘xtatilishini e’lon qildi.

Anqaraning qaroridan so‘ng Isroil Tashqi ishlar vaziri Israel Kas qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini muqobil yetkazib berishni qidirib, mahalliy ishlab chiqarish hamda boshqa mamlakatlardan meva va sabzavotlar importiga e’tibor qaratishini aytdi. Biroq Isroilga Turkiyadan keyin ikkinchi yirik meva-sabzavot yetkazib beruvchi Iordaniya suv resurslarida vabo bakteriyasining topilishi Ammandan importning to‘xtatilishiga olib keldi.

Isroil matbuotiga ko‘ra, Anqaraning boykot qilishi bozorlarga jiddiy zarba bergan. Turkiya bilan bo‘lgan inqiroz tufayli importchilar mahsulotlarni narxlari ancha yuqori bo‘lgan uzoqroq mamlakatlardan sotib olishga majbur bo‘lgani ta’kidlangan. Shuningdek, G‘azodagi o‘n oylik urush ishchi kuchi tanqisligiga olib kelgani, g‘ayritabiiy darajada yuqori haroratlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish xarajatlarini oshirgani qayd etilgan.

Isroilda qimmatlashgan mahsulotlar ro‘yxatiga qalampir, pomidor va bodring kiradi. Isroil Qishloq xo‘jaligi vazirligining haftalik hisobotiga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida qalampir narxi bir kilogramm uchun 7,90 shekeldan 10 shekelga ko‘tarilgan, pomidor va kartoshkaning o‘rtacha narxi esa 2 shekelni tashkil etgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan haftada bodring narxi 21 foizga, nok 27 foizga, uzum 19 foizga oshgan.

Isroil O‘simlik va qishloq xo‘jaligi jamiyatlari kengashi Netanyaxu hukumatidan dehqonchilik xarajatlarini kamaytirishga yordam beradigan moliyaviy yordam so‘radi. Avgust oyi boshida mahalliy OAV Isroil avtomobil bozori ham avvallari eng yirik eksportchi davlatlardan biri bo‘lgan Turkiyaning boykot qilishi sababli jiddiy muammolarga duch kelgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, savdo to‘xtatilishidan oldin Isroil va Turkiya o‘rtasidagi yillik savdo hajmi taxminan 235 milliard turk lirasini tashkil qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!