Tramp ma’muriyati Ukraina iqtisodiyoti ustidan nazoratni talab qilmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukraina muhim iqtisodiy loyihalar ustidan Vashington nazoratini ta’minlaydigan kelishuvni imzolashini ta’kidlamoqda.
Bu haqda Kiyevga yuborilgan hujjat loyihasiga tayanib, The Wall Street Journal (WSJ)xabar berdi.
Qo‘shma Shtatlar, xususan, Ukrainaning infratuzilma loyihalari va foydali qazilmalarni qazib olish dasturlarida, jumladan, noyob tuproq metallari va port qurilishida ishtirok etishda birinchi o‘ringa ega bo‘lishga intilmoqda. Asosan Amerika rasmiylari tomonidan boshqariladigan jamg‘arma o‘z daromadlarini Vashington Kiyevga bergan harbiy yordamni to‘lash uchun ishlatadi.
Ukraina rasmiylari, deya ta’kidlaydi nashr, kelishuv shartlari ularning boshqa investorlarni jalb qilish va infratuzilmani tiklash imkoniyatlarini cheklashidan qo‘rqishadi. Tahlilchilarning fikricha, AQShning yangi talablari, ayniqsa, Tramp va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi so‘nggi mojarodan keyin munosabatlardagi keskinlikni kuchaytirishi mumkin.
Bitim imzolansa, Ukraina 45 kun ichida fond ko‘rib chiqishi uchun loyihalar ro‘yxatini taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Avvalroq The Daily Telegraph xabariga ko‘ra, kelishuvning so‘nggi versiyasi AQShga qo‘shma investisiya fondi orqali Ukrainaning neft va gaz zahiralarining yarmidan ko‘prog‘i, metalllari hamda infratuzilmasining katta qismi, jumladan, temir yo‘llar, portlar, quvurlar va neftni qayta ishlash zavodlari nazoratini beradi. Fond kuzatuv kengashining uch nafar a’zosi Vashington tomonidan tayinlanadi. Bundan tashqari, AQSh Ukraina ularga harbiy yordam uchun kamida 100 milliard dollar tovon puli to‘lamaguncha, barcha foydani 4 foizlik qo‘shimcha to‘lov bilan olishni rejalashtirmoqda. Kiyev foydaning 50 foizini qarz to‘langandan keyingina olishni boshlaydi.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, yangi fond Delaver shtatida ro‘yxatdan o‘tadi, biroq Nyu-York yurisdiksiyasi ostida ishlaydi. Kelishuv shartlariga ko‘ra, AQSh Ukraina resurslarini uchinchi davlatlarga sotishga veto qo‘yish huquqini va Ukrainaning istalgan agentligi hisoblarini tekshirish imkoniyatini oladi.
Shu bilan birga, Zelenskiy bir kun avval Kiyev Vashington tomonidan ko‘rsatilgan harbiy yordamni qarz sifatida qabul qilmasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina AQShdan muhim foydali qazilmalar bo‘yicha yangi shartnoma loyihasini oldi, bu "avvalgi asos hujjatidan butunlay farq qiladi".
"Biz qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdormiz, lekin bu qarz emas va biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz", — dedi Ukraina prezidenti.