Tramp Davlat departamenti byudjetini deyarli 50 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Davlat departamentiga ajratiladigan byudjet mablag‘larini deyarli yarmiga qisqartirishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda The Washington Post nashri departamentning ichki hujjatiga tayanib xabar berdi.
O‘tgan hafta e’lon qilingan ichki eslatmaga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Davlat departamenti byudjetini va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning qolgan qismini gumanitar yordam, global sog‘liqni saqlash va xalqaro tashkilotlarga ajratiladigan mablag‘ni deyarli yarmiga qisqartirishni taklif qilgan, deya ta’kidlaydi gazeta.
Unga ko‘ra, Oq uy Davlat departamenti va USAID faoliyatiga 28,4 milliard dollar ajratishni taklif qilmoqda, bu Kongress tomonidan 2025 yil uchun ma’qullangan mablag‘dan 27 milliard dollar yoki 48 foizga kam.
Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlarga ajratiladigan mablag‘lar miqdori yanada ko‘proq – qariyb 90 foizga qisqartiriladi. Tinchlikni saqlash amaliyotlarini, BMT, NATO va boshqa 20 ta xalqaro institutlarni moliyalashtirish to‘xtatiladi – u faqat bir nechta tashkilotlar, jumladan, Atom energiyasi bo‘yicha Xalqaro agentlik va Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkiloti uchun saqlanib qoladi. Bundan tashqari, byudjetda alohida ittifoqchilar, jumladan Isroil va Misr qurolli kuchlarini rivojlantirish uchun 5,1 milliard dollar miqdoridagi an’anaviy grantlar saqlanib qoladi.
Nashr ta’kidlaganidek, taklif etilgan qisqartirishlar Respublikachilar partiyasi har ikki palatada ham ko‘pchilikni tashkil etgan Kongress tomonidan ma’qullanadimi yoki yo‘qmi, hozircha noaniq qolmoqda.
Vashington Post gazetasi, shuningdek, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio departament xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha o‘z rejasini ishlab chiqayotganini ta’kidlaydi. Gazetaning manbalariga ko‘ra, unda Davlat departamentining 80 ming nafar xodimidan o‘n minglab xodimlari ishdan bo‘shatilishi, shuningdek, bir qancha konsulliklar, diplomatik departamentning ayrim bo‘limlari va dasturlari hamda boshqa ob’ektlarning yopilishi ko‘zda tutilgan.