Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchilar qo‘liga igna va “samorez” sanchib jazolab kelgani ma’lum bo‘ldi

Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi o‘quvchilar qo‘liga igna va “samorez” sanchib jazolab kelgani ma’lum bo‘ldi

Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktabda o‘qituvchi xato qilgan o‘quvchilarini jazolashda shafqatsizlik qilib, ularning qo‘liga igna va “samorez” sanchib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Bu haqda “Daryo”ga xabar bergan onalarga ko‘ra, voqea tumandagi 277-maktabda sodir bo‘lgan.

Shahzoda qizim maktabning birinchi sinfida o‘qiydi. Uning o‘qituvchisi S.R. bolalarni jazolash uchun ularning qo‘liga igna, “samorez” sanchib, shafqatsizlik qilib kelgan ekan. Bu haqda ota-onalar yaqinda bildik, — deydi o‘zini Dilorom Mahmudova deb tanishtirgan ona.
Murojaatchi onaning bildirishicha, holat 2023—2024-o‘quv yili boshidan beri takrorlanib kelgan.
Bolalarimizga “bu haqda kimgadir aytsang, bundan battarini qilib, qo‘lingga mix tiqaman” deb qo‘rqitgan ekan, — deydi ona.

Yana bir suhbatdosh Fotima Yusupovaning ma’lumot berishicha, o‘qituvchi endigina birinchi sinfga chiqqan o‘quvchilarning xatosi uchun shunday jazolash usulini tanlagan.

Birinchi sinf o‘quvchisi endigina harf taniyotgan bo‘lsa, o‘qituvchi bolalar qilgan har bir imloviy xato uchun ularning qo‘liga igna va “samorez” sanchib, bolalarimizning jonini og‘ritgan. Bu holat anchadan beri sodir bo‘lib kelgan. Bolalar qo‘rqitilgani uchun bizga aytmagan, — deydi Muhammadamin ismli jiyani shu maktabda o‘qishini aytgan Fotima Yusupova.

Bildirilishicha, ota-onalar holatdan norozi bo‘lib, bugun, 16 aprel kuni maktab direktori qabuliga kirgan. Direktor holat u maktabda yo‘q paytida sodir etilganini aytib, “suvdan quruq chiqish”ga uringan.

Direktor o‘qituvchiga hayfsan berganini aytdi, o‘qituvchi bo‘shash haqida ariza ham yozibdi. Lekin xatosini tan olgisi yo‘q. U shu yo‘l bilan bolalarimizni o‘qitayotganini, bilim berayotganini aytmoqda, — deydi ota-onalar.

“Daryo” jurnalisti voqea yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot olish maqsadida Sergeli tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari hamda 277-maktab direktorini izlab topdi. Tez orada mas’ullarning bu haqdagi ma’lumotlari e’lon qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!