Toshkentda o‘g‘il onasining nomidagi uyni fohishaxonaga aylantirdi
Orsizga — olti kun bayram. Bejizga bu ibora bilan boshlamadik. Yunusobdlik Shoxrux Shokirov navqiron 30 yoshida internet tarmog‘idagi ma’naviy buzuq tuzoqqa o‘zi ilinib, sudning qora kursisida iqror va pushaymon.
Ish holatlariga ko‘ra, Shoxrux Shokirov oson yo‘llar bilan daromad orttirish maqsadida 2021 yil 2 aprel kuni o‘zi yashab kelayotgan va onasi Saida ayaga tegishli bo‘lgan Yunusobod tumani 5-mavzeda joylashgan xonadonda 1996 yilda tug‘ilgan Uluhbek Umidov va 2000 yilda tug‘ilgan fuqaro Surayyo Ilxomovaga uch soat muddatga jinsiy aloqa qilishlari uchun 300.000 so‘m miqdoridagi pullar evaziga sharoit yaratib bergan.
Sud zalidagi iqror:
...“Olx” saytiga o‘zimni “Sharof” ismli shaxs sifatida tanishtirib, o‘zim yashab kelgan va onamga tegishli bo‘lgan Yunusobod tumani, 5-mavzedagi xonadonni kuniga 300.000 so‘mdan ijaraga berishi haqida ma’lumot joyladim. E’longa binoan menga notanish kishi qo‘ng‘iroq qilib, 3 soatga uy kerak bo‘lganini va manzilni tushuntirsam hoziroq yetib kelishini aytdi. Oradan taxminan yarim soat o‘tganidan so‘ng o‘zini “Ulug‘bek” deb tanishtirgan shaxs o‘zi bilan bir qizni olib kelib, unga uyni uch soatga berib turishimni, evaziga 300.000 so‘m berishini aytganida, pul zarur bo‘lganligi sababli rozi bo‘ldim. Menga 100.000 so‘mlik kupyuradan 3 dona berdi keyin men ularga uydagi sharoitlarni ko‘rsatib, xonadon kalitini esa “Ulug‘bek” ismli shaxsga berib, uydan chiqdim. shundan so‘ng 5 nafar menga notanish o‘zlarini ichki ishlar organlari xodimlari sifatida tanishtirgan shaxslar kelish. Aybimga iqrorman, suddan yengilroq jazo tayinlashini so‘rayman....
Sud davlat ayblovchisining xulosasini, himoyachi fikrini, sudlanuvchi Shoxrux Shokirovni, guvohlarning ko‘rsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini va sudga taqdim etilgan dalillarni atroflicha o‘rganib chiqib, SH.Shokirovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 131-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topib, ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Ozodlikni cheklash muddati mahkum jazolarni ijro etish inspeksiyalarida hisobga qo‘yilgan kundan boshlab hisoblanishi ko‘rsatilib, sud hukmi ijrosini nazorat qilishni Toshkent shahri, Yunusobod tuman IIO Probasiya bo‘linmasi zimmasiga yuklatildi.
Sanjarbek Kuchkarov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi