Toshkentda regbi sportining Osiyodagi rivoji muhokama qilindi

Toshkentda regbi sportining Osiyodagi rivoji muhokama qilindi

O‘zbekiston Milliy universiteti stadionida regbi-7 bo‘yicha “Open Central Asia Championship” musobaqasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi UzA.

Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning 100 nafardan ortiq regbichilari ishtirok etgan turnirda jamoalar o‘z iqtidorlarini namoyon qilib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Shiddatli bahslar sarhisobiga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda O‘zbekiston-1 va O‘zbekiston-2 jamoalari oltin-kumush medallariga ega chiqqan bo‘lsa, bronza medali Qirg‘iziston vakillariga nasib etdi.

Ayollar o‘rtasidagi o‘yinlar natijasiga binoan Qozog‘iston jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qolgan sovrinli o‘rinlar o‘zbekistonlik regbi jamoalariga nasib etdi.

Chempionat doirasida Osiyo regbi federasiyasining 2023 yil yakunlari hamda kelgusi yil rejalariga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil etildi.

Osiyo regbi federasiyasi prezidenti Kais Al Dxalai, federasiya ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etgan yillik yig‘ilishda mutasaddilarning hisoboti tinglandi. Regbi-7, regbi-15 bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda milliy terma jamoalar ishtirokini ta’minlash, hakamlik va murabbiylik faoliyatlari bo‘yicha o‘quv kurslarda o‘qish hamda nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida Osiyo regbi federasiyasi rahbarlari regbi-7 bo‘yicha “Open Central Asia Championship” musobaqalari Toshkent shahrida yuqori saviyada tashkil etilganini e’tirof etdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!