Toshkentda «Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish» mavzusida butunjahon konferensiyasi o‘tkaziladi
Ushbu xalqaro anjumanni tashkil etish taklifi Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan edi. Anjumanda 30 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 500 nafardan ziyod vakil qatnashish istagini bildirdi.
Konferensiya gibrid shaklda, ya’ni oflayn va onlayn tarzda o‘tkaziladi. Nufuzli forumning ochilishida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet, BMT Bosh kotibining Yoshlar ishlari bo‘yicha elchisi Jayatma Vikramanayake, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, YEXHT Bosh kotibi Xelga Mariya Shmidt va boshqa xalqaro tashkilotlarning rahbarlari so‘zga chiqishi kutilmoqda. Ma’ruzalar o‘zbek, ingliz, fransuz va rus tillarida taqdim etiladi.
Anjuman doirasida SOVID-19 pandemiyasi yoshlarning zaif guruhlariga ta’sir o‘tkazayotgan hozirgi sharoitda navqiron avlodning o‘z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtiroki, yoshlarning sifatli ta’lim olish va ishlab chiqarishda band bo‘lishga taalluqli imkoniyatlarini rag‘batlantirish chora-tadbirlari, yigit-qizlarning o‘z hayot tarziga ta’sir o‘tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Konferensiyada ishtirokchilar yoshlarning huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun mavjud xalqaro mexanizmlarni takomillashtirish istiqbollarini muhokama qiladilar. Bunda barcha yoshlar o‘z huquqlaridan to‘la-to‘kis, hech qanday kamsitishlarsiz foydalanishlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Konferensiya yakunida Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish bo‘yicha deklarasiya qabul qilish rejalashtirilgan.
