Toshkentda avtobus chiroqlarini o‘chirib yo‘lovchilardan naqd pul talab qilgan avtobus haydovchisi ishdan bo‘shatildi

Toshkentda avtobus chiroqlarini o‘chirib, yo‘lovchilardan naqd pul yig‘ib olgan haydovchi ishdan olindi.
13 mart kuni Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “Toshshahartransxizmat”ning 72-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi avtobus haydovchisi hamda sohaga begona bo‘lgan fuqaro tomonidan harakatlanish davomida avtobus salonining chiroqlarini o‘chirgan holda yo‘lovchilardan yo‘l haqi uchun naqd pul talab qilganligi holati haqida post joylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ bayonot berdi.
Postda keltirilgan holat videokuzatuv moslamalari tekshirilganda haqiqatda sodir bo‘lganligi aniqlandi.
Shu kuni holat yuzasidan tezkor tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda haydovchi J.Xning sodir etgan qoidabuzarligi muhokama qilinib, korxona ichki tartib intizomini o‘ta qo‘pol ravishda buzganligi uchun haydovchi J.X bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, mazkur holat bo‘yicha haydovchi J.Xning sodir etgan qoidabuzarligiga huquqiy baho olish maqsadida, hujjatlar to‘plami huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimining 2024 yil 13 dekabr kunidagi qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahar avtobuslari salonida naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatilgan.