Toshkent metropolitenining yerusti yo‘nalishidagi ikki bekat oralig‘ida poyezd harakati to‘xtatildi

Toshkent metropolitenining yerusti yo‘nalishida ikki bekat oralig‘ida 2-oktyabr kuni poyezd harakati vaqtincha to‘xtatildi. “Toshkent metropoliteni” DUK holatga tushuntirish berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2-oktyabr sanasida Toshkent metropolitenining Yerusti halqa metro yo‘nalishida sinov tariqasida yo‘lovchilarsiz harakatga qo‘yilgan poyezdda texnik nosozlik holati kuzatilgan. Buning natijasida soat 18:55 larda ushbu yo‘nalishning Yangiobod (6-bekat) va Qo‘yliq (7-bekat) bekatlari oralig‘ida poyezd harakati to‘xtatilgan.
Shu sababli Yerusti halqa yo‘nalishidan foydalanuvchi yo‘lovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida poyezdlar harakati “Yangiobod” bekatidan bir tomonlama harakatlanishi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu holat yo‘lovchilar va poyezdlar harakati xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatmagan.
Hozirgi vaqtda yo‘nalishdagi barcha poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanmoqda.