“Tolibon” hukmronligi davrida Jahon banki Afg‘onistonga 1,7 mlrd dollar ajratdi
Jahon banki 2021 yil avgust oyidan boshlab, Afg‘onistonda “Tolibon” harakati hokimiyatga kelganidan beri mazkur davlatga 1,7 milliard dollar miqdorida yordam ajratdi.
Xalqaro moliya instituti vakillari Afg‘onistondagi asosiy loyihalar aholi turmush farovonligi, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, inson huquqlarini kengaytirish bilan bog‘liq ekanini ta’kidlagan.
Tashkilot hisobotida, shuningdek, davlat hokimiyati organlariga ko‘mak berishda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlangan. Tahlilchilar fikricha, bu tendensiya afg‘on oilalari farovonligining iqtisodiy o‘sishiga, qashshoqlik va ishsizlikning qisqarishiga olib keladi.
O‘z navbatida, “Tolibon” Iqtisodiyot vazirligi Jahon banki qator loyihalarni yakunlamaganini ta’kidlab, tashkilotni bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. Vazirlik vakili Abdul Rahmon Habibning aniqlik kiritishicha, gap IT infratuzilmasi, telekommunikasiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalardagi loyihalar haqida bormoqda.
“Bu yo‘nalishda moliyalashtirishning qayta yo‘lga qo‘yilishi qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va butun mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash imkonini beradi”, deya ta’kidlagan afg‘on rasmiysi.
Qayd etilishicha, Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni o‘rnatgach, ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan, Jahon banki ushbu davlatga yordam miqdorini qisqartirgan.
Bunday xatti-harakatlarning sabablaridan biri ayollar va qizlar huquqlarining poymol etilishidir. Avvalroq BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham bu jihatga alohida to‘xtalib, “Tolibon”ni ayollarga nisbatan qo‘yilgan cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishga chaqirgan edi.
Avstraliya, Kanada, Germaniya va Niderlandiya Gaagadagi Xalqaro sudga ayollarni kamsitishda davom etayotgan afg‘on rasmiylariga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilish niyatida ekanligini bildirgan. Bunga javoban “Tolibon” vakillari o‘zlariga qarshi da’volarni rad etib, mamlakatda barcha fuqarolar, ayniqsa, qizlar va ayollar huquqlari hurmat qilinishini ma’lum qilgan.