"Tabiatni asrang": "X-Factor" superfinalida O‘zbekiston ekologiyasi haqidagi klip taqdim etildi
Dekabr oyi oxirida FTV telekanalida mashhur «X-Factor» teleshousining super finali bo‘lib o‘tdi. Dastur «UzReport» axborot agentligi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, PayMe to‘lov tizimi va Procter & Gamble transmilliy kompaniyasi ko‘magida tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, shou uchun kastinglar O‘zbekistonning beshta yirik shahri – Samarqand, Namangan, Buxoro, Xorazm va Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Unda 6 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Tanlovning bir necha bosqichlaridan so‘ng telekanal orqali jonli efirda 12 nafar vokalchi mamlakatning eng yaxshi ijrochisi nomi va bosh sovrin 100 million so‘m uchun kurash olib bordi. Ekspert hakamlar hay’ati ro‘yxatidan taniqli san’atkorlar: Lola Yo‘ldosheva, Ibrohim Ahmedov, Ravshan Komilov va xonanda Jasminlar o‘rin oldi.
Yorqin konsert chiqishlaridan iborat bo‘lgan teledastur doirasida loyihaning iqtidorli ishtirokchilari va o‘zbek estradasi yulduzlari sahnada kuylashdi. Armanistonlik va rossiyalik qo‘shiqchi, Ukrainaning "X-Factor" loyihasining 7-mavsumi g‘olibi Sevak Xanagyan shouning maxsus mehmoni bo‘lib, o‘zining eng yaxshi qo‘shiqlarini ijro etdi.
Ta’kidlash joizki, superfinal davomida loyiha ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining ekologik muammolari, Orol fojiasi va atrof-muhitga hurmat tuyg‘usini ommalashtirishga bag‘ishlangan klip namoyish etildi.
Shou finaliga uch nafar iqtidorli yosh ijodkorlar – Shohjahon Halimxonov, Xayriniso Akbarova va Javlon Sapayevlar yo‘l oldi, ularning ikki nafari esa superfinalda o‘zaro kuch sinashdi. PayMe to‘lov tizimi orqali ommaviy ovoz berish natijalariga ko‘ra superfinalda xorazmlik xonanda Javlon Sapayev g‘alaba qozondi.