Suvni isrof qilmaylik

Suvni isrof qilmaylik

Alloh taolo Qur’oni karimda suvni hayot manbai qilib qo‘yganini ta’kidlab ko‘plab oyatlar nozil qilgan. Jumladan, Biz osmondan barokotli suv yomg‘ir yog‘dirib, uning yordamida bog‘-rog‘larni va o‘rib olinuvchi don-dunlarni hamda tizilgan (mevali) novdalari bo‘lgan baland xurmolarni undirib o‘stirdik. Bandalarga rizq bo‘lsin uchun (mana shunday qildik). Yana u suv yordamida o‘lik shaharni yerni tiriltirdik. (O‘liklarning o‘z qabrlaridan qayta tirilib) chiqishlari ham mana shunday bo‘lur (Qof surasi 9-11-oyatlar).

Boshqa bir oyati karimada esa Alloh taolo yana marhamat qilib aytadi: Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir .(Ibrohim surasi 7-oyat).

Garchi ushbu oyatda shukr qilish va noshukrlik oqibatlari Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, lekin uning hukmi umumiy bo‘lib, to qiyomatga qadar keladigan barcha insonlarga tegishlidir. Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma’naviy ne’matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne’matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in’om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in’om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne’matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi.

Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o‘zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo‘lsa qaytarish aynan olijanoblikdir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil ob-havoning unchalik o‘ng‘ay kelmaganiga, vegetasiya davrining boshidanoq e’tibor qaratib, suvning boridan samarali foydalanish, dehqonlarimizning behudaga mehnat va sarf-xarajat qilib qo‘yishlarining oldini olishga alohida ahamiyat berdi.

Xususan, 2018 yil 28 may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda suv tanqisligi sababli sholi ekiladigan maydonlar 162 mingdan 94 ming gektargacha qisqartirilishi ta’kidlab o‘tildi.

Guruch savdosi bilan shug‘ullanuvchi uchar savdogarlarimiz esa o‘sha kuniyoq guruchning narxini teng barobarga oshirdi.

Shuningdek o‘sha kungi videoselektorda suv tanqisligi kutilayotgan Qashqadaryo viloyatida takroriy ekin maydonlari 30 ming gektarga, Samarqand viloyatida 42 ming gektarga, Navoiy viloyatida 14 ming gektarga va Qorqalpog‘istonda esa 10 ming gektarga kamaytirilishi ma’lum qilindi. Buning hisobiga dukkakli o‘simliklar narxi ham o‘z-o‘zidan oshdi.

Hozirgi kunda ba’zi bir yurtdoshlarimiz orasida Allohning ulug‘ ne’matlaridan biri bo‘lgan suvdan oqilona foydalanmaslik, aksincha uni isrof qilish holatlari kuzatilmoqda. Ayniqsa yoz fasli kelishi bilanoq ushbu illatli va isrof amalimiz yanada ortib bormoqda. Bu kabi salbiy holatlarni oldini olish har birimizning insoniy burchimizdir. Zero qiyomat kunida barchamiz Alloh taolo bizlarga bergan ne’matlar haqida albatta so‘ralamiz.

Manba: muslim.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!