Suv – hayot, lekin G‘azo uchun endi u ham yo‘q! Isroil ta’minotni kesdi

Isroil G‘azo suv ta’minotining 70 foizini uzib qo‘ydi.
Isroil armiyasi Isroilning Mekorot kompaniyasidan G‘azo sektoriga keladigan suv oqimini to‘xtatib, Falastin hududining umumiy suv ta’minotining 70 foizini uzib qo‘ydi.
G‘azo shahar hokimligi matbuot kotibi Husni Mehannaning aytishicha, suv uzilishi G‘azo shahri sharqidagi Shujayea mahallasida joylashgan asosiy quvurga ta’sir qilgan. Bu hududda Isroil harbiy kuchlari payshanba kunidan beri harbiy harakatlar olib bormoqda.
"Suv uzilishining sabablari hali noma’lum, lekin biz xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda quvurga Isroilning kuchli bombardimoni tufayli zarar yetgan-etmaganini tekshirmoqdamiz," dedi Mehanna.
Uning so‘zlariga ko‘ra, suv to‘xtashi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy harakatlar yoki Isroil hokimiyatining ataylab qabul qilgan siyosiy qarori tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin.
"Sababi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, oqibatlari og‘ir. Agar yaqin orada Mekorotdan suv oqimi tiklanmasa, G‘azo jiddiy suv tanqisligiga duch keladi."
Shundoq ham infratuzilma qulashi, ifloslangan yer osti suvlari va toza suvning surunkali tanqisligidan aziyat chekayotgan G‘azo sektori hozirda keng ko‘lamli tashnalik, suvsizlik va kasallik tarqalishi xavfiga duch kelmoqda.