Surxondaryolik ayol o‘z farzandini 20 millionga sotayotganida qo‘lga olindi

Surxondaryolik ayol o‘z farzandini 20 millionga sotayotganida qo‘lga olindi

So‘nggi yillarda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar ancha kamaygani, biroq chaqaloqlar va bolalar savdosining ulushi surunkali ravishda ortib borayotgani achinarlidir, albatta.

Mazkur jinoyatlar tahlilidan aytib o‘tadigan bo‘lsak, rasmiy nikoh orqali oila qurganlar emas, ko‘pincha, nikohsiz tug‘ib qo‘ygan qizlar farzandlarini sotishi holatlari uchramoqda. Aksariyat hollarda xotin-qizlar homilador bo‘lib qolganini ota-onasidan, mahalla-ko‘ydan yashiradi. Boshqa viloyat yoki shaharga borib bolani tuqqach, tug‘dirishga yordam bergan vositachilar orqali bolani sotishga urinadilar.

Xususan, Dilbar Nazirova (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) 2022 yil fevral oyining o‘rtalarida Gulhayo Mahmudjonovaga moliyaviy ahvoli og‘ir ekanligi va tug‘iladigan farzandini boqa olmasligi sababli sotmoqchi ekanini bildiradi. Aslida esa jinoiy daromad orttirish maqsadida farzandini 20 million so‘mga sotishga kelishadi.

Shundan so‘ng Dilbar Nazirova joriy yilning 10 mart kuni viloyat perenital markazida qiz farzandli bo‘ladi, bu haqda G. Mahmudjonovaga xabar beradi. Dilbar Nazirova ikki kundan so‘ng shomga yaqin dunyoga keltirgan qiz farzandini sotish uchun kelishilgan 20 million so‘m pullarni G. Mahmudjonovadan viloyat perinital markazida olgan vaqtida huquq tartibot xodimlari tomonidan ushlanadi.

Buni qarangki, Dilbar Nazirova biron bir ijtimoiy mehnat bilan shug‘ullanmasdan, endigina dunyoga keltirgan ikki kunlik jigargo‘shasini sotishni rejalashtirib, mo‘may daromad ko‘rishni maqsad qilgani uzoqqa bormadi.

Sud majlisida Dilbar Nazirova o‘ziga qo‘yilgan aybiga haqiqatan ham iqror bo‘ldi. Uning bu jinoyatni sodir etganlikdagi aybi, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ishdagi bayonnomalar, sud-kimyoviy ekspertiza xulosasi, so‘zlashuvlar stenogrammasi hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar bilan o‘z isbotini to‘liq topgan.

Sud hay’ati, Dilbar Nazirovaning jinoiy harakatini Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan odam savdosi jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topib, uning aybiga iqrorligi va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, ayolligi, oilaviy hamda moddiy ahvoli, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni inobatga olib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi va unga qo‘llanilgan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi aslicha qoldirildi.

Mazkur jinoyatni kelib chiqishidan asosiy sabab bolalarning onasi ijtimoiy himoyalanmaganligi, moddiy ko‘makka muhtojligi yoki turmush qurmagan qizlarning homiladorligini oilasidan yashirishga urinishi sabab bo‘lmoqda.

Bu kabi jinoyatni kelib chiqish sabablari hamda imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish maqsadida ona homilador bo‘lgan vaqtdan boshlab bola tug‘ilgunga qadar vaqt orasida chaqaloq savdosiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha joylarda mutasaddi tashkilotlar tomonidan samarali ishlar olib borilmayotganligi va bu borada qonunchilik nuqtai nazaridan targ‘ibot-tashviqot ishlarining sustligi ham ushbu muammoning ildiz otishiga zamin yaratgan.

Yahyo Bekkamov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Jarqo‘rg‘on tuman sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!