"Slick" ilovasi orqali sodir etilgan kiberjinoyat fosh etildi

Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi 38 yoshli G.O. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan jami 250 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi 26 yoshli N.G., Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida yashovchi 18 yoshli T.X. hamda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi 26 yoshli I.M.lar sodir etganligi aniqlangan.
Unga ko‘ra, N.G. jabrlanuvchi G.O.ning qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘zini "Click" operatori sifatida tanishtirib, "SMS" xabarnoma yuborish orqali boshqaruv huquqini qo‘lga kiritib, jami 250 mln. so‘m miqdoridagi pullarni o‘tkazib olgan va pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 4-qismi bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, N.G.,T.X. va I.M.larning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.