Sherzodxon Qudratxo‘jayev: "O‘zbek ayollari uyqudan "Adasi, kolbasa qani?" deb uyg‘onadimi?"
Bugun televideniye yoki radioda turli reklamalar tarqalmoqda. Ular orasida, afsuski, tuturiqsizlari ham uchrab turadi. Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayev feysbukdagi sahifasida ana shu haqda o‘z mulohazalarini bildirdi.
"Kolbasa qaniiiii?
Kreativlik qani?
Bachkanalikning chegarasi bormi?
Yoxud bizni media makondagi
reklamalarga ijodiy yondoshuv qani?
Radio eshityapman, "To‘xtaniyoz ota" kolbasa mahsulotlari reklamasi aylanyapti, ayol uxlayotgan erini uyg‘otib, shirali ovozi bilan ishorali tuyulgandek "Adasi, kolbasa qaniiii?" deya shirinligi birdaniga tugab keskin so‘roqqa tutyapti...
Eshitgan odamda xuddi o‘zbek ayollarining bari uyqudan "adasi kolbasa qaniii" degan "purma’no" savol bilan bilan uyg‘onadigandek tasavvur paydo bo‘ladi... Uzrku, lekin bu juda qo‘pol, to‘pori va mantiqsiz g‘oya...
Ingliz yozuvchisi Norman Duglas: "Millatning ideallari haqida ularning reklamalariga qarab bilib olish mumkin" degan edi. Mantiqsiz reklamalarimizga qarab boshqalar biz haqimizda nima deb o‘ylashlari meni ko‘p tashvishga soladi...
Aslida bu reklama "To‘xtaniyoz ota" savdo belgisining xatosi emas, ular ham bozorda mavjud mutaxassislarga murojaat qilganlar holos. Bizning ijodkorlarga esa kreativlik, professionallik yetishmaydi. Ba’zi xorij reklamalarini ko‘rib "Vax, san’at asariku" deb yuboramiz o‘zimiz. "Turkish airlines" avia kompaniyasi reklama roliklarini ko‘rsangiz, beixtiyor turk millatiga, yurtiga nisbatan qiziqish uyg‘onadi kishida. Shunda o‘ylab qolaman, bizda ham milliyligimizga to‘g‘ri keladigan, bizni o‘zbekcha harakterimizni yangicha rakursdan ko‘rsatadigan reklamalar yaratish vaqti kelmadimikan?! Odamlarimizga oynai jahon, radio orqali ongsizlik, g‘oyasizlikni targ‘ib qilishdan charchashmadimikan?! Qachon bizni ijodkorlar o‘z xalqini benzin bilan "Venzi"ni farqiga bormaydigan savodsiz qilib ko‘rsatishdan to‘xtarkan?! Qachongacha xalq dangasa, yangilik topishga erinib, istaganini ommaga tiqishtiradigan ijodkorlarning bo‘lmag‘ur g‘oyalarini hazm qiladi?! Axir ko‘rib turibmizku, reklamalar butun boshli millat ongini boshqaryapti. Bunga yutuqli ichimliklar, ularning ortidan o‘ynalayotgan turli shoular va sarflanayotgan millionlab pullar yaqqol misol... Bizda kreativ reklamalar ishlab chiqarish uchun mablag‘ muammo emas, Siz professional bo‘lsangiz tadbirkorlar o‘z mahsulotlari reklamasi uchun katta katta mablag‘ to‘lashga doimo tayyor. Shu bois reklom soxasidagi shogirdlarim hamda boshk,a ijodkorlardan o‘z ishlarini sevishlarini, ko‘proq izlanishlarini, ozgina kreativroq bo‘lishlarini so‘ragan bo‘lardim. Axir Siz mamlakat aholisi bugun nonushtaga nima yeyishidan tortib, qanday yashashi kerakligini ham uqtirishga qodirsiz..."