Shayton vasvasa qilganda bajariladigan 5 amal

- Allohdan panoh so‘rash, “A’uzu billahi minash shaytonir rojiym”ni aytish.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Agar Sizni shayton tomonidan vasvasa tutmoqchi bo‘lsa, u holda Allohdan panoh so‘rang! Zero, U Eshituvchi va Biluvchi (zot)dir” (Fussilat surasi, 36-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan birortangizga shayton kelib: “Uni kim yaratdi?”, “Buni kim yaratdi?” deb savol beradi, hatto, «Rabbingni kim yaratdi?» deyishgacha boradi. Ana shunda u Allohdan panoh so‘rasin va (fikriga) barham bersin», dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
- “Amanna billahi va birosulih” deb aytish.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning fikriga vasvasa kelsa “Amanna billahi va birosulih”, deb uch marta aytsin. Shunda undan vasvasa ketadi», dedilar (Imom Ibn Sunniy rivoyati).
- Uch marta tuflash.
Usmon ibn Abul Osiy roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, shayton namozim va qiroatim orasida xalaqit qilib, chalkashtirib yuboryapti”, dedilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ana shu shaytondir. U “Xinzab”, deyiladi. Agar sen uni his qilsang, Alloh nomi ila undan panoh tila va chap tomoningga uch marta tuflab qo‘y”, dedilar.
Usmon ibn Abul Osiy roziyallohu anhu aytadilar: "U zotning aytganlarini qilgan edim, Alloh taolo mendan uni ketkazdi" (Imom Muslim rivoyati).
- “Huval avvalu val axiru vaz zohiru val batinu va huva bikulli shayin ’aliym” deb aytish.
Abu Zumayl roziyallohu anhu aytadilar: «Ibn Abbos roziyallohu anhuga: “Qalbimda nimanidir his qilyapman”, dedim. U zot: “Nima u?” dedilar. “Allohga qasamki, uni biror kishiga aytmayman”, dedim. U zot: “Biror shak bo‘lyaptimi?” deb kuldilar. So‘ng: “Biror kishi shak-shubhadan omonda bo‘lmagan. Hatto, Alloh taolo: “Agar Sizga nozil etgan narsa xususida shubha qilsangiz...” (Yunus surasi, 94-oyat) oyatini nozil qilgan. Nafsingda biror narsa topsang:
“Huval avvalu val axiru vaz zohiru val batinu va huva bikulli shayin ’aliym”
“U avval va oxirdir, U zohir va botindir. U har bir narsani biluvchidir”, deb ayt”, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
- “Laa ilaha illalloh” deb aytish.
Namoz, tahorat va shularga o‘xshash narsada vasvasaga tushgan kishi: “Laa ilaha illalloh” kalimasini aytishi mustahabdir. Shunda shayton Allohning izni ila undan uzoqlashadi.
Manba: muslim.uz