Shahzoda Uilyam Polshadagi harbiy bazaga kutilmagan tashrif bilan keldi

Shahzoda Uilyam Polshadagi harbiy bazaga kutilmagan tashrif bilan keldi

Buyuk Britaniya shahzodasi Uilyam kutilmaganda Polshaning Ukraina chegarasi yaqinida joylashgan Britaniya harbiy bazasiga tashrif buyurdi. Bu yerda u harbiylar va ularning polshalik hamkasblari bilan uchrashdi.

Shahzoda Britaniya askarlariga kundalik ishlari uchun shaxsan minnatdorchilik bildirmoqchi ekanini aytdi.

«Shaxsan o‘zim kelib, har kuni qilayotgan ishlaringiz uchun rahmat aytishni xohladim», dedi shahzoda harbiylarga murojaat qilib.

«Siz bu yerda erkinliklarimizni himoya qilishda juda muhim ish bajaryapsiz, bu juda muhim. Uyda hamma sizni qo‘llab-quvvatlaydi», deya qo‘shimcha qildi Uilyam.

Shahzoda Uilyamning Britaniya harbiy kontingenti joylashgan Polsha janubi-sharqidagi Jeshuv shahriga safari sir saqlandi va faqat harbiy bazani tark etib, Varshavaga qaytgach oshkor etildi.

Jeshuv Ukraina chegarasidan bir soatlik masofada joylashgan va u yerda joylashgan britaniyalik uchuvchilar amerikalik va polshalik hamkasblari bilan birgalikda Polsha havo hududini himoya qiladi.

Britaniya taxti vorisi matbuot bayonotida, shuningdek, «o‘z eshiklari bilan birga qalblarini ham ochgan Polsha xalqining ilhomlantiruvchi insoniyligi»ga hurmat bajo keltirdi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri Polsha eng ko‘p ukrainalik qochqinlarni qabul qildi. Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, hozir u yerda Ukrainaning 1,3 millionga yaqin fuqarosi bor.

Shahzoda ishtirokidagi asosiy tadbirlar payshanba kuni rejalashtirilgan: Uilyam Varshavadagi Noma’lum askar qabriga gulchambar qo‘yadi va prezident Anjey Duda bilan uchrashadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!