Senat Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritishni tasdiqladi

Senat Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritishni tasdiqladi

Bugun, 2024 yil 10 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining elliginchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan Saylov kodeksiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Mazkur o‘zgartirishlar bilan Markaziy saylov komissiyasi to‘qqiz nafar a’zodan iborat tarkibda tuzilishi va doimiy asosda faoliyat yuritishi, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining bir nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘lishi belgilangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, amalda faoliyat yuritayotgan Markaziy saylov komissiyasining 14 nafar a’zosi o‘z arizalariga ko‘ra vakolatlarini zimmasidan soqit qilishni so‘ragan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarorlariga binoan Markaziy saylov komissiyasi a’zoligiga Xalmuhammed Paluaniyazov va Muxtabar Husanovaning nomzodlari tavsiya etilgan.

Dastlab senatorlar Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining arizalari bo‘yicha munosabatlarini bildirdi.

Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarorlariga binoan Markaziy saylov komissiyasi a’zoligiga tavsiya etilgan nomzodlarni saylash masalasi ko‘rib chiqildi.

Muhokama yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!