"Selfi qilmoq kerak bolam, selfi qilmoq kerak!"

"Selfi qilmoq kerak bolam, selfi qilmoq kerak!"

– O‘g‘lim, oldinga taom keltirilganida eng birinchi qanday amalni bajarmoq kerak?
– Selfi qilmoq kerak.
– Yo‘q. «Basmala»ni aytib, o‘ng qo‘l bilan tanavvul qilmoq kerak.
– O‘g‘lim, biror kishi baxtsiz holatga tushganiga yo‘liqib qolsang, nima qilmoq kerak?
– Selfi qilmoq kerak.
– Yo‘q. U insonga, tez yordamga oshiqmoq kerak.
– Uying sovuq va qorong‘u. Gazingni chumolixo‘rlar orqalab ketmoqda. O‘zing isxonada muzlab o‘tiribsan. Bunday vaziyatda nima qilmoq kerak?
– Xitoylik bilan selfi tushmoq kerak-mi bobo?
– Shukur qilmoq kerak bolajonim, shukur qilmoq!
– O‘g‘lim, ko‘chada odamlar janjal ko‘tarayotganini ko‘rsang, nima qilmoq lozim?
– Tezda selfi qilmoq lozim bobojon.
– Yo‘q bolam. Oralarini isloh qilib, urushni oldini olmoq kerak.
– Mashhur bir deputatni uchratib qolsang nima qilmoq kerak?
– Selfiga tushishni iltimos qilmoq kerak.
– Yo‘g‘-a bolam. Chiqarilgan qonunlariga o‘zlari qachondan boshlab rioya qilishlarini so‘ramoq kerak.
– O‘g‘lim, hali ham propiska olib ulgurmagan hamqishlog‘ingni ko‘rib qolding. Nima qilmoq kerak?
– Ular jinoyatchilar bobajon. 102 ga qo‘ng‘iroq qilmoq kerak.
– Selfi qilmoq kerak bolam, selfi qilmoq kerak!

Abduqodir MUHAMMADRASUL,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!