Samarqandda amaldorlar 2 mlrddan ortiq subsidiya mablag‘larini talon-toroj qildi

Samarqandda amaldorlar 2 mlrddan ortiq subsidiya mablag‘larini talon-toroj qildi

Samarqand viloyatida bir necha fermer xo‘jaliklariga ajratilgan 2 milliard so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari o‘zlashtirilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Narpay, Paxtachi hamda Bulung‘ur tumanidagi subsidiya ajratish bo‘yicha ishchi guruh mansabdor shaxslari hamda mazkur tumandagi fermer xo‘jaligi rahbar shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirgan. Ular jami 2 milliard 608 million so‘mlik subsidiya mablag‘larini o‘zlashtirib yuborgani aniqlangan.

Jumladan, subsidiya ajratish bo‘yicha Narpay tumani mansabdor shaxslari tomchilab sug‘orish tizimi joriy etmagan 35 ta fermer xo‘jaligiga 1 mlrd 325 million so‘m hamda suv tejovchi texnologiya mavjud bo‘lsada, undan amalda foydalanmagan 7 ta fermer xo‘jaligiga 321 mln so‘mlik subsidiyalarni ajratib bergan. Bu orqali mansabdor shaxslar jami 1 mlrd 646 million so‘mlik byudjet mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Shuningdek, Paxtachi tuman subsidiya ajratish bo‘yicha mansabdor shaxslar tumandagi fermer xo‘jaligi rahbarlari bilan til biriktirgan holda amalda tomchilab sug‘orish tizimi joriy etmagan 25 ta fermer xo‘jaligiga 727 mln so‘mlik subsidiya mablag‘larini ajratib berish orqali o‘zlashtirib yuborgan.

Subsidiya ajratish bo‘yicha Bulung‘ur tuman ishchi guruhi esa amalda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etmagan 9 ta fermer xo‘jaligiga 235 mln so‘m subsidiya mablag‘larini o‘tkazib, talon-toroj qilgan.

Ushbu holatlar yuzasidan subsidiya ajratish bo‘yicha tuman ishchi guruhi mansabdor shaxslari hamda fermer xo‘jaligi rahbar shaxslariga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov xarakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!