Saida Mirziyoyeva: «Markaziy Osiyoning yashil rivojlanish» konsepsiyasi COP30 forumida qabul qilinishiga umid qilamiz

Saida Mirziyoyeva Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro iqlim forumida ishtirok etdi.
"Bugun Samarqandda Markaziy Osiyo Iqlim forumi o‘z ishini boshladi. O‘zbekistonning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini taqdim etish men uchun katta sharafdir", deb yozdi u telegramdagi rasmiy sahifasida.
Markaziy Osiyo — tabiiy omillarga eng ta’sirchan mintaqalardan biri hisoblanadi: 70 yil davomida bu hududda harorat 1,5–2°C ga ko‘tarilgan. Orol fojiasi esa global ekologik inqirozning ramziga aylangan.
"Hozirda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Markaziy Osiyoning yashil rivojlanish» konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda. U yashil texnologiyalardan tortib barqaror urbanizasiyagacha bo‘lgan barcha sohalarni to‘la qamrab oladi. Ushbu konsepsiya COP30 forumida qabul qilinishiga umid qilamiz", deya ta’kidladi S. Mirziyoyeva.
U, shuningdek, Orolbo‘yi va Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish u uchun ustuvor vazifa ekanligini, bu borada uchta yo‘nalishda — ekologiya, infratuzilma va madaniy tiklanish bo‘yicha ish olib borilayotganini qayd etdi. Qolaversa, ertaga Nukusda ochilishi bo‘lib o‘tadigan Orol madaniyat sammiti ham fan, san’at va jamiyat o‘rtasida o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘lib xizmat qilishi kutilayotganini ta’kidladi.
"Biz muloqot va hamkorlikka ochiqmiz. Faqatgina birgalikda biz Yer yuzini asrab qolishimiz va farzandlarimiz, nabiralarimiz hamda bizdan keyingi barcha avlodlar uchun yaxshiroq kelajakni barpo etishimiz mumkin", deb yozdi Saida Mirziyoyeva.